Agentlik haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Telekommunikatsiyalar sohasida tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2025-yil 21-avgustdagi PF-142-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etilgan.
“Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonunning 9- va 11-moddalariga muvofiq, Raqamli texnologiyalar vazirligi telekommunikatsiyalar sohasidagi vakolatli davlat organi, Agentlik telekommunikatsiyalar sohasini tartibga soluvchi organ hisoblanadi.
Agentlik:
(i) respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
(ii) oʻz vakolatlarini “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasiga muvofiq amalga oshiradi;
(iii) operator va provayderlar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatining belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlangan rejaga muvofiq har oyda kamida bir marotaba monitoring qilib boradi;
(iv) moliyaviy va tuzilmaviy jihatdan hamda vakolati doirasida qaror qabul qilishda mustaqil hisoblanadi hamda oʻz faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga hisobdor boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 550-son qarori bilan tasdiqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 550-son qarori bilan tasdiqlangan.
Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyat va munosabatlarni tartibga solish;
yuridik shaxslarning telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatini litsenziyalash, ruxsat berish;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini va telekommunikatsiyalar inshootlarini qurish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan oʻtkazish;
telekommunikatsiyalar xizmatlarining ayrim turlari, shuningdek, tarmoqlararo ulanishlar tariflarini tartibga solish;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash tizimini ishlab chiqish va telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash rejasi boshqaruvini amalga oshirish;
Internet jahon axborot tarmogʻi milliy segmentining manzil maydonidan foydalanish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash, domen nomlari tizimini belgilash;
telekommunikatsiyalar vositalarini majburiy raqamli markirovkalash;
universal xizmatlar roʻyxatini va ularning sifatiga doir talablarni belgilash;
operatorlar va provayderlarning faoliyat koʻrsatishi uchun teng hamda adolatli raqobat muhitini taʼminlashga koʻmaklashish;
telekommunikatsiyalar xizmatlari bozorini erkin raqobat asosida shakllantirish va rivojlantirishga koʻmaklashish;
foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar masalalarini koʻrib chiqishda ishtirok etish;
Oʻzbekiston telekommunikatsiyalar tarmoqlarining monitoring tizimi orqali operator va provayderlar tomonidan koʻrsatilayotgan telekommunikatsiyalar xizmatlari sifatini belgilangan talablarga muvofiqligini monitoring qilish;
tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatda telekommunikatsiyalar infratuzilmalaridan ustuvor foydalanish hamda ularning faoliyatini tiklash va rivojlantirishga doir ishlarni markazlashtirilgan tarzda boshqarish, shuningdek, ularning ishlashini belgilangan tartibda cheklash yoki toʻxtatib turish;
tarmoqqa ruxsatsiz ulanishda va trafikni oʻtkazishda himoya choralarining chetlab oʻtilishini tegishli organlar bilan birgalikda nazorat qilish.
