M U R O J A A T
2026-03-11 09:00:00 / MUROJAAT

O‘ZBEKISTON MAHALLALARI UYUSHMASINING
“MAHALLA YeTTILIGI” A’ZOLARI, FAOLLAR VA KENG JAMOATCHILIK VAKILLARIGA
M U R O J A A T I
Hurmatli yurtdoshlar!
Aziz mahalladoshlar!
Obod hayot tushunchasi azal-azaldan xalqimiz ongu tafakkurida, avvalambor, farovonlik, to‘kinchilik, mo‘l-ko‘lchilik, qut-baraka ma’nosini o‘zida mujassam etib kelgan. Obodlik nafaqat tashqi muhit, balki qalb va ko‘ngil pokligidan boshlangan.
Obod hayot, bu — insonning o‘z uyini, mahallasini, yurtini gullab-yashnatishi va o‘z hayotidan mamnun bo‘lib yashashidir. Chunki poklik, tozalik bor joyda fayz-baraka, ishda unum, aholi kayfiyatida ko‘tarinkilik bo‘ladi.
Shukrki, bugun yurtimiz tinch va osoyishta. Shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tobora ko‘rkamlashib bormoqda, odamlar ongu tafakkuridagi o‘zgarishlar hayotimizning barcha jabhalaridagi taraqqiyot shiddatiga hamohang, uyg‘un. Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlarning yorqin natijalari ko‘pmillionli xalqimizda jonajon Vatanimizning kelajagiga bo‘lgan qat’iy ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
Mana shunday jarayonda mahallalarimizni yanada obod qilish, farovon turmush kechirish barchamizdan katta mas’uliyat, fidoyilik va jonkuyarlikni talab etadi. Zero, osoyishta, ahil oilalar obod jamiyatni barpo etadi, obod mahallalar esa yurt taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shunday ekan, tozalik, poklikni o‘z uyimizdan boshlasak, o‘z mahallamiz, ko‘chamizning saranjom-sarishta, fayzli bo‘lishiga hissamizni qo‘shsak, bu go‘shalar chinakam obod maskanlarga aylanadi.
Obod mahallalar, shubhasiz, sarishta ko‘cha va xonadondan boshlanadi. Erta saharda turib, ko‘cha-hovlilarimizni supurib-sidirish, yon-atrofga suv sepish, ariqlarni tozalash, turfa gullar ekish qaysi xonadonga chiroy bag‘ishlamagan, fayz kiritmagan deysiz. Bu borada xonadon sohiblariga, aziz opa-singillarimizga maslahatlar berish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, ularni yaratuvchanlik g‘oyalariga undashda biz mahalla faollari, piru badavlat nuroniy oqsoqollarimizga suyanamiz, yoshlarimizning fidoyiligi, tashabbuskorligiga tayanamiz.
Aziz vatandoshlar!
Mamlakatimiz obodligi, ko‘chalarimiz ko‘rki, xonadonlarimiz fayzini oshirish, unda keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning fevral-mart oylarini ruhan poklik, ma’nan yetuklik, fikran yangilanishga intilish davri, deb ta’riflash mumkin. Buning boisi bor, albatta. Bu davr “Tozalik va ozodalik” oyligi deb e’lon qilindi. Uning doirasida har hafta shanba kunlari ommaviy hasharlar tashkil etildi.
Endilikda xalqimiz uchun ezgulik va shukronalik timsoli bo‘lgan qutlug‘ Ramazon oyini munosib o‘tkazish, Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib tarzda nishonlash maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab 13-14 mart (juma-shanba) kunlari “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.
Hasharni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida har bir mahallada hashar davomida amalga oshiriladigan ishlar “ko‘chabay” va “xonadonbay” belgilab olindi. Jumladan, jarayonda 26,3 ming gektardan ortiq maydon obodonlashtiriladi, 20,8 ming tonnadan ziyod chiqindilar chiqarib tashlanadi, 18,6 ming kilometr uzunlikdagi ariq va lotoklar tozalanadi. 11 mingdan ortiq qabriston obodonlashtiriladi va ta’mirlanadi.
Shuningdek, 665 ta ziyoratgoh va 159 mingdan ortiq ko‘cha tartibga keltiriladi, 21,6 milliondan ziyod daraxtlar oqlanib, ularga shakl beriladi. “Yashil makon” loyihasi doirasida mahallalarning ichki ko‘chalari va aholi tomorqalari atrofiga 4,5 milliondan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 28 ming 312 ta kam ta’minlangan oilaning 480,5 ming metr kvadratdan ziyod uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlanadi, 38 ming 706 ta kam ta’minlangan oilaning tomorqa maydonlariga ekinlar ekiladi. 37 ming 216 ta ehtiyojmand oila, shu jumladan, 14 ming 585 nafar nogiron va yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatiladi.
Hasharga 17,1 million nafardan ortiq aholining band bo‘lmagan qatlami, birinchi navbatda, 9,1 million nafardan ortiq yoshlar ixtiyoriylik asosida jalb qilinadi.
Qadrli mahalla faollari!
Mahallalarimiz qiyofasi faoliyatimiz natijasini ko‘rsatadigan omillardan biri ekanini unutmang! Buning uchun har bitta “mahalla yettiligi” vakillari, uyboshi va ko‘chaboshilar, nuroniylar, imom-xatiblar, jamoatchilik tuzilmalari a’zolari faol bo‘lishi, odamlarni uyg‘otishi, safarbarlikka chorlashi zarur.
Hudud yetakchisi sifatida mahalla raislari har bir oila, har bir inson taqdiri uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak. “Uyingiz obod bo‘lsa, ko‘changiz obod bo‘ladi, mahallangiz obod bo‘lsa, qalbingiz obod bo‘ladi”, degan hayotiy shior har bir mahalla xodimi faoliyatining dasturilamaliga aylanmog‘i shart!
Bugun yurt obodligi, yig‘inlar farovonligi yo‘lida birlashishning ayni fursati. Har bir xonadon, ko‘cha va mahallalar obodligi yo‘lida mas’uliyatni mahalla raisi sifatida zimmangizga olib, odamlarni bir maqsad yo‘lida safarbar eting! Ijtimoiy mas’uliyat, mehnat tarbiyasi, daxldorlik tuyg‘usini kuchaytiring! “Mahalla yettiligi” bilan yelkama-yelka ishlab, hasharni har bir ko‘cha, xonadonda tartibli tashkillashtiring!
O‘z mahalladoshlaringizga namunaviy xonadon, namunaviy ko‘cha qanday bo‘lishi kerakligi borasida amaliy ishlaringiz, ibratli tashabbuslaringiz, chinakam jonkuyarligingiz bilan ibrat ko‘rsating!
Eng muhimi, bir tanu bir jon bo‘lib, mavjud imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalangan holda, aholi turmush darajasini yangi bosqichga ko‘tarishda bosh-qosh bo‘ling!
Aholida tomorqa madaniyatini yuksaltirishda hokim yordamchilarining sa’y-harakatlari muhim ahamiyatga ega. Zero, bu — har bir xonadonda yerdan samarali foydalanish, oila farovonligini oshirishga qaratilgan muhim omildir.
Hashar kunlarida ehtiyojmand oilalar, nogironlar, yakka-yolg‘iz keksalar va “mahalla yettiligi” ko‘magiga muhtojlar holidan xabar olish doimiy e’tiboringiz markazida bo‘lsin. Og‘ir hayotiy vaziyatdagi oilalarni qo‘llab-quvvatlang. Ularni oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari bilan ta’minlashda jonbozlik ko‘rsating.
Zotan, hashar mahallalarda birdamlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlovchi ezgu an’ana, beqiyos qadriyatdir.
Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning bunyodkor kuchi! Xalqimiz ko‘zlayotgan yuksak marralarga erishishda ularning aql-zakovati, g‘ayrat-shijoati, ona Vatanga bo‘lgan sadoqati tengsizdir. Mahallalar obodligini ta’minlashda barchamiz yoshlarga suyanamiz va tayanamiz!
Shu sababli ona zaminimizga mehr berish, har bir xonadon, har bir ko‘cha, har bir mahallada tashabbuskor bo‘lishda Siz — yoshlar yetakchilari mahalladagi yigit-qizlarga qanot bo‘ling! Tengdoshlaringizni bunyodkorlikka, obodlikka chorlang. Ular bilan har bir mahallada yakka-yolg‘iz, nogironligi bor nuroniylar holidan xabar oling, uy yumushlariga ko‘maklashing.
Aslo unutmang, Siz Yangi O‘zbekiston farzandisiz, Sizning hissangiz — bu ota-onangiz, mahallangiz va butun xalqimizning farovonligi uchun xizmat qiladi.
Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan gap bejiz aytilmagan. Chinakam insoniy tuyg‘ular, avvalo, oila bag‘rida kamol topadi. Farzandlarimiz qalbida obodlikka mehr uyg‘otish, atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish tuyg‘ularini tarbiyalashda oilaning o‘rni va ta’siri hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Mahallalardagi oilalar bilan ishlashda ayni shu jihatlarga e’tibor qaratish xotin-qizlar faollari zimmasidagi birlamchi vazifadir. Qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj yakka-yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan otaxon va onaxonlarning xonadonlarini ozoda va sarishta xonadonga aylantirishda xotin-qizlar faolining hissasi katta.
Biling, aynan Sizning ko‘magingizda azaliy qadriyatlarimiz — qizlarimiz, kelinlarimizning erta sahar turib hovlilarga suv sepishi, ko‘cha eshik oldini supirishi kabi fazilatlarini yana qaytadan jonlantirish, ommalashtirish mumkin.
Xonadonlarga kirganda ruhan tushkun kayfiyatdagi imkoniyati cheklangan, ijtimoiy reyestrda bo‘lgan oilalar, yakka-yolg‘iz keksalar va nogironlar hamda og‘ir ahvoldagi shaxslarni zarur vositalar, dori-darmonlar bilan ta’minlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilashda ijtimoiy xodimlardan yaqinroq bo‘ladigan inson topilmasa kerak.
Shunday ekan, ular bilan yaqin insoningizdek suhbatlashib, kelajakka umid va ishonch beradigan loyihalarga jalb eting. Ular hamisha yonida ekaningiz va qo‘llab-quvvatlayotganingizni his qilib tursin.
Ayniqsa, hashar kunlarida ehtiyojmand, yakka-yolg‘iz, nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlarini yanada kuchaytiring!
Muborak Ramazon oyi, Navro‘z bayrami shukuhini har bir oilaga olib kirishda “mahalla yettiligi” vakillari bilan hamjihatlikda ishlang!
Mahallada ijtimoiy himoyani kuchaytirishda Sizning faolligingiz, tashabbuskorligingiz muhim ahamiyatga ega!
Hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, yig‘ilgan chiqindilarni chiqarib tashlash, o‘zboshimcha chiqindi tashlash holatlarini aniqlab choralar ko‘rish, ayniqsa, hashar kunlarida jamoat tartibini saqlash, aholining faol ishtirokini ta’minlashda profilaktika inspektorlarining amaliy tajribasi g‘oyatda muhim. Ularning ko‘magi orqali aholida daxldorlik tuyg‘usini orttira olsak, hudud hamisha toza, orasta va ortiqcha chiqindilardan xoli bo‘ladi.
Qachonki, har bir mahalla jinoyatchilikdan xoli hududga, obod maskanga aylansa, bunday joyda rivojlanish, kelajakka intilish, yaxshi yashashga ishonch paydo bo‘ladi.
Shuningdek, umumxalq hasharining korxona va tashkilotlarda ixtiyoriy asosda o‘tkazilishida, albatta, soliq inspektorlarining faolligi nihoyatda asqatadi. Hashar munosabati bilan mahallada joylashgan tashkilotlarda xodimlarning ixtiyoriy ish haqi mablag‘i O‘zbekiston mahallalar uyushmasi hisobraqamiga o‘tkazilishida aynan ular tashabbuskor bo‘lmog‘i zarur.
Chunki mazkur mablag‘lar ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning uy-joylarini ta’mirlash va moddiy yordam ko‘rsatish hamda mahallalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.
Umuman olganda, hashar shunchaki bir-ikki kunlik tozalov tadbiri emas, balki mahallaning har bir qarichini obod qilishga qaratilgan tizimli harakatdir. Bu jarayonda Siz — “mahalla yettiligi” a’zolari asosiy tashkilotchi va tashabbuskor sifatida namoyon bo‘lmog‘ingiz lozim!
Mahalla yoshlari va ayollarni yanada faol ishtirok etishga chorlang! Har bir fuqaroda “Mening mahallam — mening uyim” degan tuyg‘uni shakllantiring! Hashar kunlari milliy qadriyatlarimiz namoyishi, milliy liboslar targ‘iboti, o‘lan va laparlar ijrosi, shuningdek, baxshichilik va xalfachilik san’ati namunalarini namoyish etishga kirishing!
Hasharning ajralmas qismi, bu — katta doshqozonlarda sumalak qaynatilishi, milliy taom — osh damlanishidir. Bu an’ana mahalla ahlini bir dasturxon atrofida jipslashtiradi, o‘zaro suhbatlar orqali qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlaydi. Mehnatdan bo‘sh vaqtda milliy o‘yinlarimiz — arqon tortish, tosh ko‘tarish, kurash tushish, turli harakatli o‘yinlarni tashkil etish nafaqat zavqli mashg‘ulot, balki milliy g‘oya va maqsadlarni rivojlantiradigan, birdamlik va bag‘rikenglikni mustahkaydigan vositalardir!
Qadrli mahalladoshlar!
Obodlik ko‘ngildan, ko‘ngilning obodligidan va xalq roziligidan boshlanadi. Unutmasligimiz lozimki, obodlik bor joyda qut-baraka, doimiy rivojlanish va kelajakka ishonch ustuvor bo‘ladi.
Farzandlarimizga bolalikdan poklik tarbiyasini o‘rgataylik! Mehnat tarbiyasi, bu — poklik tarbiyasi! Muborak Ramazon oyining fayzu tarovatini har bitta xonadon, mahallada his qilaylik! Yasharish hamda yangilanish ramzi bo‘lmish milliy bayramimiz — Navro‘zi olamga tayyorgarlikni bugundan boshlaylik! Mahallalarda, shahar hamda qishloqlarda hasharlar, obodlik tadbirlarini o‘tkazaylik!
Hamjihat, hamfikr bo‘lsak, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlasak, mahallaning qurbi yetmaydigan ishning o‘zi qolmaydi, hududda qiynalgan, ehtiyojmand oilalar bo‘lmaydi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish nafaqat majburiyatimiz, balki muqaddas burchimizdir! Burchni ado etishda Siz — “mahalla yettiligi” a’zolari, faollar, nuroniylar, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillarida bilim va malaka, tajriba va mahorat, eng muhimi, istak va imkoniyat yetarli.
Zimmangizdagi vazifalarni halol va vijdon amri bilan bajarib, Sizga bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuch hamda imkoniyatingizni safarbar etishingizga ishonamiz.
Zotan, jonajon O‘zbekistonimiz, bu — ko‘rkam va go‘zal ko‘chalar, fayzli va tarovatli xonadonlar, obod va farovon mahallalar majmuasidir!
