TALABGORLAR KO‘PAYMOQDA
2025-02-15 10:05:00 / Yangiliklar

Yangilikka qiziquvchi fermerlar ayni damlarda «Agrobank» tuman filialidan «Suvkredit.uz» platformasi orqali kredit chiqarib, g‘allazorlarini yomg‘irlatib sug‘orish tashvishida.
Tumanning «Mustaqillik» hududidagi zaminda dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan «Navbur yog‘du» MChJ a’zolari 23 gektarli g‘allazorida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish niyatida o‘tgan yil kuzida harakatni boshlagandi. Ularga «Suvkredit.uz» platformasi orqali kredit ajratildi va pudratchi tashkilot –«Maxsus suv xizmat» MChJ bilan tuzilgan shartnomaga asosan quruvchilar qisqa fursatda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatib, foydalanishga topshirdi.
Qiziriq tuman hokimligi hamda tuman «Suv yetkazib berish xizmati» DM tashabbusi bilan «Navbur yog‘du» MChJ g‘allazorida tejamkor texnologiyalar afzalliklarini barcha talabgorlarga ko‘rsatish va ularni suv tejashga o‘rgatish, texnologiyani ishlatish usullarini tushuntirish niyatida ko‘rgazmali seminar tashkil qilindi.
Tumandagi barcha fermerlar va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari rahbaru mutaxassislari hamda pudratchi tashkilot vakillari qatnashgan ko‘rgazmali seminarda tejamkor texnologiyalar qulayliklari, kam suv bilan ham mo‘l hosil yetishtirish imkonini yaratadigan suv tejovchi texnologiyalarni ekin maydonlariga joriy etadigan fermerlarga beriladigan imtiyozlar haqida batafsil tushuncha berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati