SUV KODEKSI MUHOKAMADA
2024-12-20 18:25:00 / Yangiliklar
Quyi palataning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda deputatlar, Vazirlar Mahkamasi mutaxassislari, Suv xo‘jaligi vazirligi va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Seminarda Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan Suv kodeksi loyihasining mazmun mohiyati, unda aks etayotgan muhim normalar ko‘rib chiqildi.
Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Butunbayevning ta’kidlashicha, Suv kodeksi loyihasida bir qator muhim normalar o‘z aksini topmoqda. Xususan, mamlakatning suv xavfsizligiga erishish, global suv taqchilligi kuchayib borayotgan davrda barcha iqtisodiyot tarmoqlarining va atrof-muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv infratuzilmasining va sug‘oriladigan yerlarning holatini yaxshilash kabi masalalar qamrab olingan.
Aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ekotizimni suv bilan barqaror ta’minlash, suvni ifloslanish, bulg‘alanish va kamayib ketishidan muhofaza qilishda zamonaviy usullarni qo‘llash va suvning zararli ta’siri oldini olish va uni bartaraf etish choralarini ko‘rishga qaratilgan normalar o‘z aksini topmoqda.
Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida sohadagi munosabatlarni izchil va tizimli hal etish, suvdan foydalanishda fuqarolar mas’ulligini belgilash, suvdan oqilona foydalanishda zarur shart-sharoitlar yaratish, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilarining o‘rtasidagi munosabatlarda shaffoflikni ta’minlashga alohida etibor qaratilmoqda.
Deputatlar atrof-muhit uchun suvdan foydalanishning ekologik xavfsiz darajasiga erishish hamda uni saqlash, suv resurslarini iqlim o‘zgarishini inobatga olgan holda oqilona boshqarish va ularning hisobotini yuritish, suv obyektlari muhofaza zonalarini belgilash, toza ichimlik suv ta’minotini yo‘lga qo‘yish masalalari ham kodeksda o‘z aksini topishi lozimligini bildirdilar.
Seminar yakunida Suv kodeksi loyihasini yanada takomillashtirishga kelishib olindi va tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Axborot xizmati