ShOIRLAR VA SUVChILAR HAMKASB
2024-11-14 20:25:00 / Yangiliklar
Xalqimizning suyukli ikki ijodkori va shoiri ishtirokidagi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv Suvchilar maktabida bo‘lib o‘tayotgan malaka oshirish kurslari doirasida tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid suvchilar va shoirlar hamkasb degan fikrni o‘rtaga tashladi. Uning e’tiroficha, shoirlar yuraklarda hayotga muhabbat uyg‘otadi, ma’naviy quvvat beradi. Suvchilar esa nabotot va hayvonot olamiga tiriklik suvini yetkazib beradi.
Uchrashuvda Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev she’riyat inson ma’naviyatini yuksaltirishini ta’kidladi. Hazrat Mir Alisher Navoiy suvchilarning diliga yaqin, miroblarni qo‘llab-quvvatlagan ulug‘ ijodkor bo‘lganligini, buyuk shoir Ogahiy miroblik qilganligini, ijodkorlik suvchilarga qalban yaqin ekanligini aytib o‘tdi.
Vatanparvarlik, yurtni sevish, uning ravnaqi va manfaati yo‘lida xizmat qilish, Davlat ramzlari, O‘zbekiston bayrog‘i qabul qilingan kun, bayroqning ahamiyati kabi mavzularda suhbat qurildi.
Shoirlarimiz o‘qigan she’rlar davraga fayz bag‘ishladi.
Shuhrat Suyunov,
vazirlik matbuot kotibi