SUVCHILARNING ENG MUHIM MAVSUMI QANDAY O‘TAYAPTI?
2024-10-11 16:00:00 / Yangiliklar
Suv bor joyda daraxt ko‘karadi.
Shuning uchun suv bo‘ylariga daraxtlar ekish zarur va “Yashil makon” tadbirlarida suvchilar boshqa soha vakillariga har jihatdan ibrat bo‘lishlari shart.
Ushbu g‘oya Suv xo‘jaligi vazirligida 2024-yil 11-oktyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi hay’at yig‘ilishida soha oldidagi dolzarb vazifalar muhokamasi chog‘ida yangradi.
Yig‘ilishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish, sohani raqamlashtirish, DXSh, xorijiy investitsiyalar bo‘yicha 9 oylik natijalar tahlil qilindi.
Suv keltirgan elda aziz.
Yig‘ilishni boshqargan Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraev joriy yilning 9 oyida suv resurslarini yetkazib berish chog‘ida jami 6 mlrd 800 mln kub metr suv resurslari iqtisod qilinganini ta’kidladi. Jumladan, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hisobiga 2,1 mlrd kub metr, irrigatsiya tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash va betonlash tadbirlari natijasida 1,7 mlrd kub metr, ekin maydonlarida qo‘shimcha agrotexnik tadbirlar evaziga 2,4 mlrd kub metr, raqamli texnologiyalarni joriy etish hisobiga 570 mln kub metr suv tejalgan.
Vazirlik bu yil 8 mlrd kub metr suvni iqtisod qilishni rejalashtirgan bo‘lib, yil oxirigacha g‘alla sug‘orish, ekin maydonlarining sho‘rini yuvish jarayonida yana 1,2 mlrd suvni tejash ko‘zda tutilgan.
Quyi bo‘g‘in suv xo‘jaligining poydevori ekanligi ta’kidlandi, “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini yaxshi yo‘lga qo‘ymasdan boshqa yo‘nalishlarda samaraga erishib bo‘lmasligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, hay’at yig‘ilishida irrigatsiya-melioratsiya loyihalari doirasida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish, vazirlik tizimidagi nasos stansiyalarining energiya samaradorligi, suv xo‘jaligi ob’ektlari foydalanishidagi suv fondi va yer maydonlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisoboti, tizim tashkilotlarida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ham muhokama qilindi.
Sanab o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha 9 oylik yakunlari ko‘rib chiqilgan yig‘ilishda hay’at a’zolari, vazir o‘rinbosarlari, markaziy apparat boshqarma va bo‘lim boshliqlari, vazirlik tasarrufidagi respublika va tizim tashkilotlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri, viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari boshliqlari hamda OAV vakillari qatnashdi.
ZOOM orqali barcha hududlardan suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari hay’at yig‘ilishini kuzatib bordi.
“Ijro.gov.uz” tizimida nazoratda bo‘lgan va vazirlikka yuklatilgan topshiriqlarni so‘zsiz bajarish, ijro intizomiga qat’iy rioya etishga alohida, jiddiy e’tibor qaratildi.
Sumbulada suv soviydi,
Mezonda — kun.
Sharqona taqvim bo‘yicha Sumbula tugab, mezon oyi ham yarimlab qoldi.
Navro‘zgacha qolgan barcha oylar suvchilar uchun eng muhim davr – kuzgi-qishki ta’mirlash-tiklash ishlari mavsumi hisoblanadi. Bu tadbirlar pishiq-puxta va mukammal tashkil etilsa, Saraton va asad oyida ekinlarni sug‘orish ortiqcha tashvishlarsiz o‘tadi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalar ijrosini ta’minlashga start berildi, kuzgi-qishki tadbirlarni va topshiriqlarni o‘z muddatida, sifatli bajarganlar rag‘batlantirilishi e’lon qilindi.
Natijalar keyingi chorak yakunida sarhisob qilinadi.
Shuhrat Suyunov,
Axborot xizmati boshlig‘i