Soliq qo‘mitasi Raisi tizimda faoliyat yuritayotgan mingdan ortiq ayollar bilan uchrashdi
2025-03-06 11:30:00 / Qo'mita yangiliklari

Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida Soliq qo‘mitasi Raisi Sherzod Kudbiyev soliq organlarida mehnat qilayotgan mingdan ortiq ayollar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ulardan bir qanchasi rahbarlik lavozimlarida, jumladan viloyat soliq boshqarmalaridagi mas'ul tuzilmalar, tuman, shahar soliq inspeksiyalariga rahbarlik qilmoqda.
Sh.Kudbiyev barcha xodimalarga fidokorona xizmatlari uchun samimiy minnatdorchilik izhor etib, ularning ishtirokisiz soliq tizimining samarali faoliyatini tasavvur qilish qiyinligini taʼkidladi. Suhbat chog‘ida mehnat sharoitlari va karyera istiqbollari bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbir qatnashchilari professional muhitni yaxshilashga qaratilgan o‘z fikrlari va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar. Qo'mita Raisi tomonidan "korxonabay" va "mahallabay" yo'nalishlarda ishlayotgan xodimlarni rag'batlantirish hamda KPI tizimining ayrim mezonlarini qayta ko'rib chiqish taklifi qo'llab-quvvatlandi.
Halol mehnati va soliq qonunchiligini keng jamoatchilikka yetkazishga qo‘shgan munosib hissasi uchun Toshkent viloyati soliq boshqarmasi xodimi Mukambar Tojiboyevaga navbatdan tashqari maxsus unvon berildi.
Uchrashuvdagi iliq va samimiy muhit barcha qatnashchilarga har bir xodimning hissasi qadrlanadigan katta jamoaning muhim a'zosi, bir qismi ekanini his qilish imkonini berdi.
Tadbir yakunida Sh.Kudbiyev ayollarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabriklab, ularga muvaffaqiyat, farovonlik va yangi yutuqlar tiladi.