To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik
2025-01-24 17:15:00 / Qo'mita yangiliklari
"To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" Prezident farmoni qabul qilindi
16.01.2025 PF-6 son
Hujjatga ko'ra “2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan va quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlik subyektlari uchun foyda solig‘i stavkasini 2 foiz va ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilanmoqda. Bunda:
1000 tagacha ish o‘rniga ega korxonalarda jami xodimlar sonining kamida 15 foizi, 1000 tadan ortiq ish o‘rniga ega korxonalarda jami xodimlar sonining kamida 10 foizi, biroq kamida 150 nafari Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning a’zolaridan iborat bo‘lganda. Bunda:
Xodim tegishli reyestrdan belgilangan tartibda chiqarilganidan keyin imtiyozning qo‘llanishi 6 oy davomida amal qiladi;
har oyda o‘rtacha ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda;
Hisobot davrida to‘quv (trikotaj mato, ip-gazlama va paypoq mahsulotlari), tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumi jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 90 foizini tashkil etganda.
Ushbu bandda belgilangan imtiyozlardan foydalanish uchun barcha shartlarning bir vaqtda bajarilganligi soliq organlari tomonidan inson omilisiz avtomatik tarzda hisobot choragi yakunlari bo‘yicha keyingi oyning 25-sanasiga qadar aniqlanadi.
Bunda mazkur shartlar tegishli chorakning har bir oyida bajarilganda, soliq imtiyozi ushbu chorak uchun qo‘llaniladi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan ushbu bandda belgilangan soliq imtiyozlaridan foydalanilgandan so‘ng soliq hisobotlarini qayta taqdim etish orqali belgilangan shartlarga rioya etmaganlik holati aniqlanganda, soliq imtiyozi bekor qilinib, soliqlar penya hisoblangan holda hisoblab chiqariladi va budjetga undiriladi”.
Soliq solish metodologiyasi departamenti