Agentlik nizomi
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, uning rahbarlari funksional majburiyatlari va javobgarligi, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Agentlik chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona meʼyorlar va standartlarni ishlab chiqishda, sinovdan oʻtkazishda va amaliyotga tatbiq etishda, ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirishda hamda chiqindilarni boshqarish sohasiga taalluqli davlat mulkini boshqarishda masʼul davlat organi hisoblanadi.
3. Agentlik bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) boʻysunadi va oʻz faoliyati yuzasidan hisobot berib boradi.
4. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining buyruqlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
5. Agentlik oʻz faoliyatini respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Agentlik, uning hududiy boʻlinmalari va tizim tashkilotlari yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining tegishli boʻlinmalarida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, shu jumladan, chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
7. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi;
qisqartirilgan nomi — Chiqindilarni boshqarish agentligi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Agentstvo po upravleniyu otxodami i razvitiyu sirkulyarnoy ekonomiki pri Ministerstve ekologii, oxrani okrujayushey sredi i izmeneniya klimata;
qisqartirilgan nomi — Agentstvo po upravleniyu otxodami;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Waste management and circular economy development agency under the Ministry of ecology, environmental protection and climate change of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Waste management agency.
8. Agentlikning joylashgan joyi (pochta manzili): Toshkent shahri Chilonzor tumani Bunyodkor shohkoʻchasi 7a-uy.
Batafsil...
Batafsil...
