Tozalik oyligining dastlabki o‘n besh kunida hududlar 243 ming tonna chiqindidan tozalandi
2025-10-30 09:25:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda 15-oktabrdan 15-noyabrgacha e’lon qilingan “Tozalik va ozodalik oyligi” doirasida respublika bo‘ylab keng ko‘lamli tozalik tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tozalik oyligining dastlabki 15 kuni mobaynida 19 ming nafardan ortiq sanitar tozalash xizmati hamda obodonlashtirish sohasi xodimlari ishtirokida jami 32 099 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududi, 16 887 ta jamoat joylarida tozalik ishlari olib borildi. Jarayonga 28 937 ta maxsus chiqindi tashuvchi va yuklovchi texnikalar jalb qilinib, respublika hududi jami 243 278 tonna chiqindidan tozalandi.
Shuningdek, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Prokuratura, IIB, Milliy gvardiya va Ekologik davlat nazorat inspeksiyasi xodimlari ishtirokida nazorat tadbirlari o‘tkazilib, aniqlangan 36 788 ta huquqbuzarlik holatiga qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rildi.
Qolaversa, tozalik tadbirlarida 22 500 nafar davlat tashkilot va idoralarining xodimlari faol qatnashib, 10 dan ortiq hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida jarayonlar jadallik bilan tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, “Tozalik va ozodalik oyligi” doirasidagi chora-tadbirlar yil yakunigacha qizg‘in davom etadi. Shunday ekan, har birimiz mamlakatimiz obodligi yo‘lida tozalik tadbirlarida faol qatnashib, o‘z hissamizni qo‘shaylik.








