Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2024-09-24 17:30:00 / Matbuot anjumanlari

Bugun, 18-sentabr kuni Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Ekologiya vazirligi tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar koʻrsatkichi: erishilgan natijalar va kelgusi rejalar, shuningdek, ekologik taʼlimni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda Ekologiya vaziri oʻrinbosari, Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshligʻi, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktor oʻrinbosari va Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi direktori hamda vazirlik boshqarma va boʻlim xodimlari, tizim tashkilotlari, shuningdek, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi direktori Sharifbek Hasanov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi 5-sonli “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati va ijrosi hamda chiqindilarni boshqarish sohasida Markaz tomonidan joriy yilning birinchi yarimida amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi.
- So‘nggi yillarda chiqindilarni boshqarish sohasiga davlat darajasida alohila eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, mazkur Farmon bilan yillar davomida sohada to‘planib qolgan bir qator muammolarga aniq va maqbul yechim qilib berildi. Masalan, shu paytga qadar eng og‘riqli holatlardan biri — tibbiyot chiqindilarini maishiy chiqindilarga qo‘shib, poligonga tashlanishi oqibatida atmosfera havosiga yuqori miqdorda issiqxona gazi hamda sizot suvi tabiatga tashlanib, aholi o‘rtasida turli kasalliklar keltirib chiqarishiga sabab bo‘layotgan edi. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 17-iyuldagi 263-sonli qaroriga ko‘ra tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish borasida AQSHning “Sayar” kompaniyasi o‘rtasida 115 mln AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha amalga oshirilishi bilan, byudjet mablag‘lari tejalib, hosil bo‘layotgan zararli gazlar, aholi o‘rtasida turli kasalliklar soni keskin qisqaradi - dedi Sharifbek Hasanov. Shu bilan birga, Birlashgan Arab Amirliklarining “Tadweer”, Xitoy Xalq Respublikasining “China CAMC Engineering” va “Shanghai SUS Environment” hamda Rossiya Federatsiyasining “EkoVektor” kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishilib, umumiy qiymati 320 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya olib kirilishi kutilayotgani haqida ta’kidladi.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Tadbir so‘ngida mutasaddilar tomonidan OAV vakillari va blogerlarga minnatdorchilik bildirilib, ular soha rivojida katta o‘rin tutishi ta’kidlandi.








