Atrof-muhit va suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha Milliy strategiyani shakllantirish yondashuvlari muhokama qilindi
2025-10-28 17:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 27–28-oktabr kunlari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida ("Green University") strategiya nazariyasi va metodologiyasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Lomonosov” nomidagi Moskva davlat universitetining “Iqtisodiy va moliyaviy strategiyalar” kafedrasi professorlari ishtirok etishdi. Delegatsiyaga ushbu universitet akademigi, taniqli olim, iqtisod fanlari doktori, siyosiy iqtisod professori, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi Vladimir Lvovich Kvint rahbarlik qildi.
Seminarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda tizim tashkilotlari, Suv xo‘jaligi vazirligi, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, “O‘zsuvta’minot” AJ vakillari, "Green University" professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda barqaror rivojlanish bo‘yicha ekspertlar ishtirok etdilar. Tadbir davomida zamonaviy strategiya maktabining ilmiy asoslari ishtirokchilarga taqdim etildi.
Professor V. Kvintning ta’kidlashicha, strategiya — bu uzoq muddatli muvaffaqiyatga erishish tizimi bo‘lib, u prognozlar, resurs salohiyati va vaqt omillarining chuqur tahliliga asoslanadi.
Kvint o‘z chiqishida O‘zbekistonning atrof-muhitni va suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha yangi Milliy strategiyasini ishlab chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu strategiya havo sifati, o‘rmonlar holati, suv xavfsizligi, bioxilma-xillikni saqlash va cho‘llanishga qarshi kurash masalalarini o‘z ichiga olgan kompleks yondashuv asosida ishlab chiqilishi kerak. Olimning ta’kidlashicha, fuqarolarning farovonligi strategik islohotlarning markazida bo‘lishi, hayot sifati esa milliy ekologik vazifalarning amalga oshirilishida asosiy ko‘rsatkichga aylanishi zarur.
Jarayonda strategik yetakchilik, xodimlarni ruhlantirish va innovatsiyalarni joriy etishga, shuningdek, strategik maqsadlarni samarali bajarishga ko‘maklashadigan tashkiliy madaniyatni shakllantirishning ahamiyati ta’kidlandi.
Seminar doirasida ekologiya sohasi uchun strateg mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishida Moskva davlat universiteti bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, strategiya metodologiyasini davlat idoralari va tarmoq tashkilotlari faoliyatiga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
“Biz O‘zbekiston rahbariyati bilan juda yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Bizning bir nechta takliflarimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev farmonlari bilan ma’qullangan, — dedi V. Kvint.
— Biz ichimlik suvi ta’minotidan foydalanish strategiyasini ishlab chiqdik va hozirda O‘zbekistonning ekologik hamda suv strategiyasi ustida ish boshlayapmiz. Bu ishlar keng qamrovli — faqat ekologik jihatlar va suv bilan bog‘liq emas, balki atrof-muhitni, havoni, o‘rmon fondini muhofaza qilish va cho‘llanishga qarshi kurashni ham o‘z ichiga oladi.”
Seminar ekologiya va suv resurslarini strategik boshqarish masalalarida professional muloqotni rivojlantirish omiliga aylandi. U ishtirokchilarga tajriba almashish va O‘zbekistonning kelajakdagi milliy tashabbuslarini amalga oshirishda qo‘llaniladigan yondashuvlarni muhokama qilish imkonini berdi. Yakunda seminar qatnashchilariga maxsus xorijiy sertifikat topshirildi.








