“Qog‘ozsiz bir kun”: Har bir varaq — bir daraxtning nafasidir!
2025-10-23 14:05:00 / Yangiliklar

Bugun, 2025-yil 23-oktabr, Butunjahon qog'ozsiz kun (World Paper Free Day) — oktabr oyining har to'rtinchi payshanbasida o'tkaziladigan yillik ekologik kampaniya bo'lib, unda hamma kamida bir kun qog'ozsiz ishlashga chaqiriladi.
Ushbu tashabbusning maqsadi bir dona qog‘ozni ishlab chiqarishda qancha tabiiy resurslar sarflanishini va raqamli, ekologik toza yechimlarga o‘tishning muhimligini ta’kidlashdan iboratdir.
Bilasizmi?
Dunyo bo'ylab 1 tonna qog‘oz ishlab chiqarish uchun 17 ta daraxt kesiladi.
- Har bir ofis xodimi yiliga o‘rtacha 10 000 qog‘oz ishlatadi.
- 1 tonna qog‘oz tayyorlash uchun 4 000 kVt/soat energiya hamda 50 ming litr suv sarflanadi — bu esa o‘rtacha bir uyning 4 oylik elektr hamda bir necha oila uchun butun bir oyga yetadigan suv miqdoriga teng.
Qog‘ozni tejash uchun samarali odatlarni bajarishni bugunoq boshlashimiz kerak:
- Hujjatlarni chop etish o‘rniga elektron shaklda yuboring;
- Xato chop etilgan qog‘ozdan qayta foydalaning;
- Keraksiz qog‘ozlarni saralab yig‘ing va qayta ishlashga topshiring.
Daraxtlarni asrang — ular sog‘lom hayot, toza havo va suv manbai. Bugungi kun ongli iste'mol va tabiatga g‘amxo‘rlik qilish sari qadam bo‘lsin.
