Davlat tiliga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
2025-10-21 12:05:00 / Yangiliklar

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi va “Abdulla Qodiriy” nomli ijod maktabi hamkorligida 21-oktabr — “O‘zbek tili bayrami” munosabati bilan “Muqaddasim, munavvarim – ona tilim” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Unda agentlik mutasaddilari, soha xodimlari va eko-faol yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar ona tili — xalqning Vatani, davlati kabi buyuk boyligi ekanligini ta'kidlashdi. Tabiat kabi ona tilini ham asrab-avaylab, kelgusi avlodga yetkazish muhim ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi. Bu borada, mamlakatimizda chet tillarini o‘rganish bilan birga, o‘z ona tilini chuqur bilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilayotgani, zarur shart-sharoitlar yaratilgani bildirildi.
Jumladan, o‘zbek tilining rivojida o‘z davrining buyuk siymolari — Alisher Navoiy, Abdulla Qahhor, Cho‘lpon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva kabi ijodkorlarning mehnatini alohida qayd etildi.
Yakunda o‘quvchi yoshlar ijrosida badiiy chiqishlar va kuy-qo‘shiqlar namoyish etildi.








