Chiqindi poligonlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda
2025-10-09 22:05:00 / Yangiliklar

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi huzuridagi “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi tomonidan 2025-yil kuz-qish mavsumiga qizg‘in tayyorgarlik olib borilmoqda.
Kuz-qish mavsumida poligonlarning barqaror ishlashini ta’minlash, chiqindilarni joylashtirish va tashish jarayonlarida xavfsizlik choralarini oshirish maqsadida keng ko‘lamli texnik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, respublika bo‘yicha jami 52 ta chiqindi poligonida 17 523 metr maydon tekislanib, shag‘allashtirish ishlari olib borildi. Poligon hududlari tartibga keltirilib, zaxira maydonlar tayyorlandi hamda ma’muriy binolar mavsumiy sharoitlarga moslashtirildi.
Mazkur jarayonlarga 5 dona ekskavator, 39 dona samosval, 16 dona yuklovchi, 5 dona buldozer, 2 dona zichlagich va 2 dona avto treyler kabi jami 69 dona maxsus texnika vositalari jalb etilgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida poligonlarning asosiy infratuzilmalari 2025–2026 yil kuz-qish mavsumiga to‘liq tayyor holatga keltirildi, qolgan hududlarda ham rejali ishlar davom ettirilmoqda.









