YeTTB delegatsiyasi sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari bilan tanishdi
2025-10-08 09:45:00 / Yangiliklar

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Yadro xavfsizligi departamenti direktori o‘rinbosari, Ekologik reabilitatsiya jamg‘armasi rahbari Ester Xarlander Toshkent viloyati Yangiobod shahriga tashrif buyurdi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov hamrohlik qildi.
Delegatsiya Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ko‘magida amalga oshirilgan sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish loyihasi doirasida bajarilgan ishlar bilan tanishdi.
Eslatib o‘tamiz, Yangiobod hududini rekultivatsiya qilish ishlari 2023-yil mart oyida boshlangan va joriy yilning avgust oyida yakunlangan. Ishlar boshlanishidan oldin mahalliy aholi va soha mutaxassislari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgan edi.
Rekultivatsiya loyihasini boshqarish guruhi rahbari Vadim Korolyovning ta’kidlashicha, loyiha doirasida geodezik o‘lchovlar o‘tkazildi, kirish yo‘llari qurildi, eski inshootlar demontaj qilindi, ifloslangan chiqindilarni zararsizlantirish uchun poligon yaratildi, shaxta suvlarini drenaj va infiltratsiya tizimlari bilan ta’minlash ishlari bajarildi, sohilbo‘yi chiziqlari mustahkamlandi va suvlarni chiqarish uchun quvurlar yotqizildi. Shu bilan birga, mehnat muhofazasi, texnika va radiatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya etish hamda yangiobodliklarning takliflarini inobatga olishga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov rekultivatsiya ishlari yakunlangach, hududni obodonlashtirish, ekoturizmni rivojlantirish va aholi dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor berish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda hududda butalar ekish orqali ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borish, piyodalar yo‘laklari barpo etish, atrofdagi maydonlarni tozalash va obodonlashtirish, shuningdek, ekologik qoidabuzarliklarni aniqlash va jarayonlarning ochiqligini ta’minlash uchun onlayn videokameralar o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar rekultivatsiya natijalarini saqlab qolish bilan birga, Yangiobod hududini xavfsiz, obod va aholi hamda sayyohlar uchun jozibador maskanga aylantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov bu borada, joriy yilning 14-avgust kuni davlatimiz rahbari huzurida oʻtkazilgan chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimotda Agentlik huzurida alohida deriksiya ochilishi va bu kabi sobiq uran konlarining tabiatga zararining oldini olish va xavfli chiqindilarni boshqarish boʻyicha topshiriqlar berilgani va uning ijrosi yuzasidan qabul qilinadigan tegishli hujjatlar tayyorlanayotganini ta’kidladi. Endilikda ushbu yoʻnalishdagi chora-tadbirlarning doimiy nazorati yoʻlga qoʻyiladi. Rediatsiya daradasi kam boʻlgan hududlar tabiatga qaytariladi. Hozirda ushbu hududlarda jamoatchilik va yoshlar ishtirokida tushuntirish-targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, ekologik reabilitatsiya loyihasi YeTTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi 9 million yevro miqdoridagi grant kelishuvi asosida amalga oshirilgan. Mablag‘lar Yangiobod (Toshkent viloyati) va Chorkesar-2 (Namangan viloyati)dagi obyektlarni rekultivatsiya qilishga yo‘naltirilgan. Avvalroq, 2024-yil avgust oyida Chorkesar-2 hududidagi ishlar to‘liq yakunlangan bo‘lib, u yerda uran rudasi qazib olish oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha to‘liq kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish ishlari nurlanishni bartaraf etish, xavfsiz ekologik muhit yaratish va aholining sog‘lig‘ini yaxshilashga qaratilgan.









