Rasmiy munosabat!
2025-09-28 10:10:00 / Rasmiy munosabat

“Oila va tabiat” gazetasining 2025 yil 4-sentabrdagi 25-son nashrida “Ehtiyot bo‘ling, xavfli: ular tarkibidagi moddalar qayerga ketayapti?” sarlavhasi ostida maqola chop etildi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, hozirda respublikada yiliga 140 ming tonna elektron chiqindilar hosil bo‘lib, ularning 30-35 ming tonnasi turli akkumulyator batareyalaridir. Jumladan, yaroqsiz kompyuter, telefon, radiouzatgich, videopleyer moslamalari va "LED" chiroqlari kabi elektron chiqindilarning 80 foizida batareyalar mavjud.
Statistik maʼlumotlarda batareya va ularning birlamchi qismlarini import qilish yiliga o‘rtacha 65 mln dona (144 tonna)ni tashkil etishi ko‘rsatilgan. Ularning foydalanish muddati qisqaligini (1 oydan 2 yilgacha) inobatga olib, yiliga 70-90 tonna atrofida deb hisoblash mumkin.
Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 31-maydagi 171-son qaroriga muvofiq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga foydalanishdan chiqqan energiyaning kimyoviy manbalari chiqindilarini utilizatsiya qilish korxonalariga nisbatan talablar va utilizatsiya tartibini belgilash topshirig‘i berilgan.
Xususan, mazkur topshiriq ijrosi doirasida qator xorijiy davlatlarning tajribalari o‘rganildi. Misol uchun, MDHga aʼzo davlatlardan Belarussiya va Rossiya hamda Yevropa davlatlaridan Germaniya va boshqa rivojlangan davlatlar tajribasida Yevropa Ittifoqida mahsulotlarni yig‘ish, qayta ishlash va yakuniy utilizatsiya qilish majburiyatlarini mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchiga yuklovchi “Ishlab chiqaruvchining kengaytirilgan javobgarligi tamoyili” (KJT) joriy etilgan. Unga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi atrof-muhit uchun bezarar ishlab chiqarish mahsulot turlaridan foydalanishi rag‘batlantiriladi. Buning uchun ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar zimmasiga ushbu jarayonlarni tashkil etishi yoki ayni majburiyatlarni ixtisoslashtirilgan boshqa notijorat tashkilotlarga shartnoma asosida (to‘lov evaziga) topshirishi, utilizatsiya yig‘imi to‘lash orqali amalga oshirishi lozim bo‘ladi.
Shu o‘rinda, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan xorijiy investorlar, utilizatsiya bilan shug‘illanuvchi tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari va mutaxassislar ishtirokida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi va natijasi yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.
Ushbu loyihaning qabul qilinishi orqali mamlakatimizda ekologik xavfsizlik va atrof-muhit muhofazasini taʼminlash, ekologik holatni barqarorlashtirish, chiqindilarning aholi salomatligiga salbiy taʼsirini oldini olish uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Taʼkidlash joizki, mazkur elektron chiqindilarni utilizatsiya qilish bilan “Toza hudud” DMlari emas, balki tender natijalariga ko‘ra aniqlangan tadbirkorlik subyektlari yoki xorijiy investorlar tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
