Ichki turizm: Agentlik xodimlari uchun Buxoroga sayohat tashkil etildi
2025-09-26 11:30:00 / Yangiliklar

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan markaziy apparat hamda hududiy boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida Buxoro viloyatiga sayohat tashkil etildi.
Agentlik reja jadvalida belgilangan “Jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” doirasida soha xodimlari qadim va Buxoroning diqqatga sazovor manzillarida bo‘lishdi. Ichki turizm sayohatida xodimlar “Labi hovuz”, “Ark” qo‘rg‘oni, “Minorai Kalon” obyektlari hamda “Bahouddin Naqshband” ziyoratgohida bo‘lib, shaharning qadim tarixi, qadriyatlariga guvoh bo‘lishdi.
Shuningdek, ayni kunlarda Buxoro shahri mezbonlik qilayotgan “Qalblar dardiga darmon” nomli birinchi xalqaro zamonaviy san'at biyennalesidagi badiiy ijod namunalari bilan tanishildi. Ta'kidlash joizki, Buxoro biyennalesi 70 dan ortiq rassom, jahonning eng mashhur 10 oshpazi hamda 39 mamlakat vakillarini o‘zida jamlagani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Serqirra tarix, azaliy ma’rifat, hunarmandchilik va dunyoning barcha burchaklaridagi an’analarni chambarchas uyg‘unlashtirgan Buxoro biyennalesi ruhiy jarohatlarga ko‘plab shifobaxsh usullarni taklif etgani bilan xodimlarni ilhomlantirdi.
Ma’lumot uchun: Bu kabi chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025–2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-son Farmoni ijrosi barobarida turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirishda muhim sanaladi.









