“Yashil Kelajak” Eco-Camp: yoshlar ekologik muammolarga yechim izlash maqsadida birlashdi
2025-09-12 09:05:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 10-15 sentyabr kunlari Yoshlar ishlari hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentliklari hamkorligida Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “Xalqaro shaxmat maktabi”da tashkil etilgan yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish va madaniyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan eko-oromgoh qizg‘in olib borilmoqda.
Unda jami 150 nafardan ortiq ekofaol yoshlar hamda Chiqindilarni boshqarish agentligining hududiy boshqarmalardagi soha xodimlari jamlangan. Qolaversa, KIDC (Korea International Development Cooperation Center) hamda “Ekolog” jamoat birlashmasi vakillari va uning Koreyadan tashrif buyurgan volontyorlari ham qatnashmoqda.
Eko-oromgoh doirasidagi mashg‘ulotlarda iqlim o‘zgarishi, ichimlik suvi muammolari, ekologik loyihalarni yozish va amalga oshirish, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, chiqindilarni saralash, qayta ishlash hamda plastik chiqindilarning atrof-muhitga ta’siri va ularni kamaytirish kabi dolzarb mavzular o‘rgatilmoqda.
Jarayonda “Eco Quiz” onlayn ekologik viktorina hamda “Aqlni charxlaymiz eko Zakovat” “Eko Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Bellashuvlar ishtirokchilarning ekologik savodxonligini sinovdan o‘tkazishi bilan qizg‘in bahs-munozalarga bor bo‘ldi. G‘olib jamoalar aniqlanib, rag‘batlantirildi.
Shu kuni To‘dako‘l sohili bo‘yida “Yashil kelajak sari” shiori ostida plogging eko-aksiyasi ham o‘tkazildi. Unda 150 nafar ishtirokchi 5 ta jamoaga bo‘lingan holda dam oluvchilar tomonidan hududda qoldirib ketilgan jami 800 kg yaqin chiqindini yig‘ib, tozalikga munosib hissa qo‘shishdi. Chiqindilar maxsus texnikalar orqali olib chiqib ketilib, bartaraf etildi.
Bundan tashqari, oromgoh doirasida Yoshlar ishlari agentligi va “Global Animation Studio” tomonidan tayyorlangan ekologiyaga oid “Yashil makon” o‘zbek milliy multfilmi, Orol dengizi muammosiga qaratilgan “Sho‘rxok” nomli yangi qisqa metrajli film namoyishi hamda www.batareykalar.uz loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi.
Shuningdek, Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan volontyorlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, baklashka qopqoqlarini qayta ishlash amaliyoti olib borildi.









