“Waste to Watts” interfaol bellashuvlari o‘tkazildi
2025-07-11 17:05:00 / Yangiliklar

Toshkentda o‘tkazilgan “Eco Expo Central Asia–2025” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan “Waste to Watts” nomli interfaol bellashuvlar ham tashkil etildi. Bellashuvlar ikki bosqichda o‘tkazilib, unda jami 150 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Dastlab, ishtirokchilar “To‘g‘ri sarala, sayyoramizga yordam ber!” shiori ostida jamoaviy shakldagi o‘yinda maxsus kartochkalar yordamida chiqindilarni turiga ko‘ra, saralab, maxsus idishlarga joylashtirish orqali amaliy bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishdi. Unda 8 jamoada 24 nafar ishtirokchi qatnashib, faxrli 1-o‘rinni “Hunter“, 2-o‘rinni — “Mehr va Oqibat” va 3-o‘rinni — “Eco Stars” jamoasi egalladi va g‘oliblar munosib taqdirlandi.
So‘ngra, onlayn “Quiz” test kahoot.it platformasi orqali ekologik viktorina o‘tkazilib, unda 110 nafar ishtirokchi faol qatnashdi. Eng ko‘p savollarga to‘g‘ri javob bergan 3 nafar ishtirokchi esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Qizg‘in borgan jarayon ishtirokchilarga ekologik savodxonlikni oshirish, chiqindilarni to‘g‘ri saralash va qayta ishlash madaniyatini singdirishga qaratilgan qiziqarli mashg‘ulotlarni jamlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.









