“Eco Ritm”: Barqaror va ekologik toza turmush tarzi targ‘ib qilindi
2025-06-09 16:35:00 / Yangiliklar

Toshkentda “Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan birinchi xalqaro “Eco Ritm” festivali o‘tkazildi.
Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, Milliy gvardiya, BMT Taraqqiyot dasturi doirasidagi GEFning O‘zbekistondagi kichik grantlar dasturi va boshqa hamkorlar ko‘magida tashkil etildi. Unda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining ham ko‘rgazmali rasmiy burchagi tashkil etildi.
Festival 2000 dan ortiq mahalliy va xalqaro yoshlarni birlashtirdi. Ishtirokchilar ikkinchi hayot bag‘ishlangan narsalar, xususan, plastik idishlar, kiyim-kechak, qog‘oz chiqindilari, ishlatilgan batareykalar va o‘yinchoqlardan chipta o‘rnida foydalanishdi.
Shuningdek, 100 nafardan ortiq volontyorlar ekologik turmush tarziga namuna ko‘rsatishdi: o‘z qo‘llari bilan eski futbolkalardan foydali narsalar yasashdi, bir martalik idishlardan voz kechishdi, birorta ham banner ishlatilmadi, barcha bezaklar qo‘lbola usulda keraksiz qutilardan tayyorlandi.
Bundan tashqari, festivalga tashrif buyurganlar uchun brendlar yarmarkalari, mahalliy ekologik loyihalar ko‘rgazmalari, mahorat darslari va ijodiy hududlar tashkil qilindi.
Shu bilan birga, chiqindilarni qayta ishlash, muqobil energiya va barqaror iste’mol sohalarida innovatsion yechimlarni namoyish etuvchi zamonaviy eko-loyihalar va startaplarga alohida e’tibor qaratildi.
Festivalda “Clean Games Uzbekistan” ekologik o‘yini g‘oliblari, “Qahramonlar davri” loyihasi doirasidagi yoshi kichik, biroq ahamiyati katta bo‘lgan eko-qahramonlar, shuningdek, rasmlar va qo‘l mehnati tanlovi ishtirokchilari ham taqdirlandi.
Yakunda mahalliy va xorijlik san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi, raqs ansambli, faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining bolalar sport markazi tomonidan sahna ko‘rinishlari taqdim etildi.
“Eco Ritm” eko-festivali jamoatchilik, davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, shahar aholisini barqaror va ekologik toza turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha samarali muloqot va hamkorlikdagi harakatlarga jalb etishga xizmat qiladi.









