“Eco Expo-2025”da mahalliy va xorijiy tajriba almashish orqali chiqindi muammolariga yechim taqdim etildi
2025-06-30 15:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonda Atrof-muhitni asrash va “yashil" iqtisodiyot yili doirasida “Eco Expo Central Asia 2025” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Toshkent shahridagi “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilgan “Eco Expo”da vazirlik huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ham o‘zining stendi bilan ishtirok etdi.
E’tiborli jihati, ko‘rgazmada chiqindilar egallab olayotgan yer sayyorasini aks ettirish orqali insoniyatni chiqindilar bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lish, ularni saralash va qayta ishlash, ayniqsa plastik chiqindilarni kamaytirishga chorlash maqsad qilingan.
Uch kun davomida “CleanTech & Recycling” stendi 2 mingdan ortiq tashrif buyuruvchini o‘ziga jalb etdi. Masalan, agentlik stendida mehmon bo‘lgan Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) Bosh kotibi Ivonn Iguero hamda Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbaev va Markaziy Osiyo davlatlari elchilarida qayta ishlanadigan plastik, shisha va alyumin chiqindilarini qabul qiluvchi “fondmat” uskunasi yuqori qiziqish uyg‘otdi.
Shu bilan birga, chiqindilarni boshqarish sohasidagi faoliyat, chiqindining tabiatga ta’siri hamda ularni saralash va qayta ishlash tartibi tavsiflari bilan tanishish imkoniyati yaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Jumladan, stendda taqdim etilgan tibbiyot, elektron, shisha, rezina, plastik, oziq-ovqat, qog‘oz, tekstil, sanoat, qurilish, metall, zaharli-kimyoviy, texnik moy chiqindilari va bir martalik vositalar kabi 14 turdagi chiqindilarning morfologiyasi yig‘ilganlarning yaqqol e’tibor markazida bo‘ldi.
Shuningdek, ko'rgazmada sohada faoliyat olib boradigan 20 ga yaqin mahalliy chiqindilarni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarning ham stendi tayyorlanib, o‘zlarining mahsulotlarini taqdim etdi. Ko‘rgazmalar majmuasi hovlisida 3 turdagi eko-motorollerlar va 10 turdagi maxsus chiqindi idishlari (konteynerlar) namoyish etildi.
Qolaversa, Xitoy Xalq Respublikasining “China CAMC”, “Shanghai SUS”, “China Everbright", Janubiy Koreyaning “Sejin”, “Greenhammer”, Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Fransiyaning “Suez International”, Norvegiyaning “Tomra” kabi yirik kompaniyalari ishtirokida 10 ga yaqin xorijiy stendlar ham tashkil etildi. Ular chiqindilarni boshqarish, qayta ishlashni samarali yo‘lga qo‘yish va sohani raqamlashtirish kabi loyihalar taqdimoti bilan tajriba va g‘oyalar almashish markaziga aylandi.
Xususan, yashil texnologiya, energiya tejamkor yechimlarni joriy etish, aholinining ekologik madaniyatini oshirishga doir 10 dan ortiq dolzarb startap tashabbuslarni o‘z ichiga oladi.
Yakunda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining stendi nafaqat muvaffaqiyatli ishtiroki, qolaversa, ko‘p sonli ishtirokchilarning e’tibor markazida bo‘lgani hamda eng ko‘p kelishuv va hamkorliklar bo‘yicha ham yuqori natija qayd etgani uchun faxrli 2-o‘rinni egalladi.
Bu mintaqaning nafaqat ekologik muammolariga birgalikda yechim berishi, qolaversa, chiqindilarni boshqarish sohasida aylanma iqtisodiyot va yashil energetikani rivojlantirish imkonini beradi.









