Chiqindilarni boshqarish agentligi Kogonda aholi murojaatlari yechimiga doir sayyor qabul o‘tkazdi
2025-06-28 14:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugun, 28-iyun kuni Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov ishtirokida Buxoro viloyati Kogon tumani “Taraqqiyot” mahallasida sayyor qabul tashkil etildi. Unda agentlik, viloyat Ekologiya va Chiqindilarni boshqarish boshqarmalari, tuman hokimligi, mahallalar hamda “Aholitrans” sanitar tozalash korxonasi vakillari ishtirok etdi. Qabul davomida Kogon shahri va tumanining fuqarolari tomonidan bildirilgan muammo va murojaatlar birma-bir ko‘rib chiqildi. Jarayonda 20 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarning ekologiya, chiqindilarni boshqarish, sanitar tozalash xizmati sifati, debitor qarzdorlik, chiqindi yig‘ish punkti tashkil etish va poligonlar holatiga doir murojaatlari qabul qilindi. Qabul davomida asosiy eʼtibor murojaatlarning joyida hal etilishiga qaratilib, qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun vaqt talab qilganlari ish yurituviga olindi, ya’ni har bir murojaat alohida nazoratda. Maʼlumot o‘rnida: bu kabi chora-tadbirlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 445-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi yuzasidan olib borilmoqda.






