Özbekiston Markaziy Osiyoda iqlim moliyalaştirilişini muvofiqlaştiriş uçun "5+5" muloqotini taşkil etişni taklif qildi
2026-11-11 11:20:00 / Yangiliklar

Muloqotda xalqaro iqlim fondlari örtasidagi hamkorlikni mustahkamlaş, rivojlanayotgan mamlakatlarning moliyaviy resurslardan foydalanişini soddalaştiriş, investitsiya ustuvorliklarini muvofiqlaştiriş hamda iqlim loyihalarining samaradorligini oşiriş masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Tadbirda sözga çiqqan Özbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatçisi — Ekologiya va iqlim özgarişi milliy qömitasi raisi Aziz Abduhakimov iqlim moliyalaştirişining samaradorligi nafaqat ajratilayotgan mablağlar hajmi, balki özaro boğliq ekologik va iqlim muammolarini hal etişga yönaltirilgan investitsiyalarning özaro uyğunligiga ham boğliqligini ta’kidladi.
Iqlim kun tartibini ilgari suriş Özbekiston davlat siyosatining ustuvor yönalişlaridan biri ekani qayd etildi. Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev boşçiligida mamlakat iqlim barqarorligini mustahkamlaş, ekotizimlarni tiklaş, Orolböyi hududidagi ekologik muammolarni hal etiş va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirişga qaratilgan xalqaro taşabbuslarni izçil amalga oşirib kelmoqda. Bunda xalqaro moliyaviy resurslarni jalb etiş hamda uzoq muddatli iqlim loyihalarini amalga oşiriş uçun hamkorlarning sa’y-harakatlarini birlaştirişga alohida ahamiyat berilmoqda.
Özbekiston Global ekologik jamğarma, Yaşil iqlim jamğarmasi va Adaptatsiya jamğarmasi bilan barqaror hamkorlikni yölga qöygani, şuningdek, Iqlim investitsiyalari fondlari hamda Yöqotiş va zararlarga javob beriş jamğarmasi bilan hamkorlikni rivojlantirayotgani qayd etildi. Şu munosabat bilan Özbekiston tomoni ikkita amaliy taşabbusni ilgari surdi.
Birinçi taşabbus — "5+5" formatida Markaziy Osiyo iqlim moliyalaştirilişi böyiça muloqotni taşkil etiş. Taklif etilayotgan platforma Markaziy Osiyoning beşta davlati va beşta xalqaro iqlim fondini birlaştiradi. Uning asosiy vazifasi investitsiya ustuvorliklarini muvofiqlaştiriş, loyiha portfellarini uyğunlaştiriş va moliyalaştirilayotgan taşabbuslarning özaro töldiruvçanligini ta’minlaşdan iborat.
Misol tariqasida Orolböyi hududi keltirildi. Bu yerda erta ogohlantiriş tizimlarini joriy etiş, suvni tejaydigan qişloq xöjaligini rivojlantiriş, ekotizimlarni tiklaş, barqaror infratuzilmani rivojlantiriş hamda mahalliy aholi uçun daromad manbalarini ta’minlaş masalalari kompleks yondaşuvni talab etadi.
Har bir fond öz vakolati va moliyaviy vositalaridan kelib çiqib, umumiy mintaqaviy kun tartibini amalga oşirişda iştirok etişi közda tutilmoqda. Özbekiston 2027-yilda Markaziy Osiyo iqlim moliyalaştirilişi böyiça "5+5" formatidagi muloqotning birinçi uçraşuvini Toşkent şahrida ötkazişga tayyorligini bildirdi.
Ikkinçi taşabbus — erta ogohlantiriş tizimlaridan iqlim xatarlarini hisobga olgan holda investitsiyalarni rejalaştiriş va barqaror rivojlanişga ötiş. Uzoq muddatli investitsiya qarorlarini qabul qilişda iqlim ma’lumotlari va prognozlaridan kengroq foydalaniş zarurligi ta’kidlandi. Xususan, suv ta’minoti özgarişi, qurğoqçilik, haddan taşqari issiqlik, muzliklarning çekinişi, qum va çang böronlari prognozlari qişloq xöjaligini rejalaştiriş, suğoriş texnologiyalarini joriy etiş, infratuzilma qurilişi, qayta tiklanuvçi energiyani rivojlantiriş hamda tabiiy ekotizimlarni tiklaşda hisobga olinişi lozim.
Taklif etilayotgan yondaşuv quyidagi uzviy boğliqlikni nazarda tutadi: iqlim ma’lumotlari va erta ogohlantiriş tizimlari — iqlim xatarlarini hisobga olgan holda rejalaştiriş — maqsadli investitsiyalar — iqlim barqarorligini oşiriş — barqaror rivojlaniş.
Beş xalqaro iqlim fondi uşbu tizimning turli bosqiçlarini öz moliyaviy vositalaridan foydalangan holda, ilmiy taşkilotlar, jumladan, Jahon meteorologiya taşkiloti bilan hamkorlikda qöllab-quvvatlaşi mumkinligi qayd etildi.
Yakunda Özbekiston xalqaro iqlim fondlarini mintaqaviy investitsiyaviy yondaşuvni birgalikda işlab çiqişga hamda iqlim özgarişi oqibatlariga eng zaif hududlarda pilot loyihalarni işga tuşirişga çaqirdi.
Iqlim moliyalaştirişining samaradorligini nafaqat ma’qullangan loyihalar soni va jalb etilgan mablağlar hajmi, balki, eng avvalo, erişilgan aniq natijalar — tejalgan suv resurslari, tiklangan yerlar, aholining daromad manbalari mustahkamlangani va mahalliy hamjamiyatlarning barqarorligi oşgani bilan baholaş lozimligi ta’kidlandi. Taklif etilgan taşabbuslarni amalga oşiriş mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlaş, xalqaro kömakning özaro muvofiqligini oşiriş hamda Markaziy Osiyoning umumiy muammolarini hal etiş uçun iqlim moliyalaştirişidan yanada samarali foydalaniş imkonini beradi.





