Chiqindilarni boshqarishning huquqiy asosi takomillashtirilmoqda
2026-10-19 15:25:00 / Yangiliklar

Qonun loyihasida chiqindini boshqarish sohasida fuqarolar sog‘lig‘i, mol-mulki va atrof-muhit xavfsizligi, chiqindilar hosil bo‘lishining oldini olish va minimallashtirish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki ustuvor tamoyillar sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa ishtirokchilarning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.
Loyihada chiqindilarga nisbatan mulkiy munosabatlar, chiqindilarni tasniflash tizimini joriy etish, sohani iqtisodiy rag‘batlantirish, sanoat obyektlarida xavfli chiqindilarni, tibbiyot va biologik chiqindilarini yig‘ish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish tizimini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, qurilish chiqindilarini boshqarish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash va ekologik talablarga rioya etmagan holda yoqishning oldini olish, sanitar tozalash korxonalari faoliyatini qonun darajasida tartibga solish belgilanmoqda.
Muhokama davomida qonun loyihasining chiqindilarni boshqarish sohasidagi huquqiy asoslarni takomillashtirish, resurslardan samarali foydalanish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hamda aholi uchun ekologik xavfsiz atrof-muhitni ta’minlashdagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
— Qonun loyihasining qabul qilinishi chiqindilar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish, sohada davlat boshqaruvi va nazorat samaradorligini oshirish, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilishni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga xizmat qiladi, — deydi fraksiya a’zosi Mohira Xo‘jayeva.
Muhokama yakunida bildirilgan fikr va takliflar asosida qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

