Davlat tiliga e’tibor: Agentlikda ommaviy diktant tashkil etildi
2026-10-14 18:20:00 / Yangiliklar

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi hamda 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Agentlik va uning tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Diktantni o‘tkazish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi mutaxassislari jalb etildi.
Diktant matni sifatida O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobidagi “Taqdim” sarlavhali turkumidan o‘zbek tilining boyligi va jozibadorligini aks ettiruvchi parcha tanlab olindi.
Ishtirokchilar belgilangan vaqt davomida matnni o‘zbek tilining imlo qoidalariga rioya qilgan holda yozdilar.
Tadbir yakunida diktantda yuqori natija ko‘rsatgan hamda faol ishtirok etgan xodimlar taqdirlandi. Shuningdek, xodimlarning savodxonligini oshirish, davlat tilida ish yuritish ko‘nikmalarini mustahkamlash va bu kabi ma’rifiy tadbirlarni kelgusida ham davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tadbir xodimlar, jumladan, yoshlar o‘rtasida ona tiliga hurmatni kuchaytirish, yozma savodxonlikni oshirish hamda davlat tilining nufuzini yanada yuksaltirishga qaratildi.







