Surxondaryoda “Toza shahar” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi
2026-10-13 11:25:00 / Yangiliklar

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti akademik litseyida o‘tkazilgan seminarda aholi vakillari, yoshlar, xotin-qizlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda ekologik faollardan iborat 120 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Seminarning asosiy maqsadi aholining ekologik madaniyatini oshirish, maishiy chiqindilarga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish hamda chiqindilarni barqaror boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini keng targ‘ib etishdan iborat.
Tadbir davomida ishtirokchilarga chiqindilarni alohida yig‘ish va saralash, ularning miqdorini kamaytirish, qayta foydalanish hamda qayta ishlashning ahamiyati haqida tushunchalar berildi.
Shuningdek, interaktiv mashg‘ulotlar orqali yoshlarning ekologik tashabbuslardagi faolligini oshirish, mas’uliyatli iste’mol madaniyatini shakllantirish va atrof-muhitni muhofaza qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.





