Tozalik o‘zimizdan boshlanadi: Urganchda ekologik o‘quv tadbiri o‘tkazildi
2026-10-08 10:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda 90 nafardan ortiq mahalla faollari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va yoshlar ishtirok etdi. Ochiq muloqot davomida chiqindilarni alohida yig‘ish va saralash, ularning miqdorini kamaytirish, buyumlardan qayta foydalanish hamda chiqindilarni qayta ishlash masalalari tushuntirildi. Shuningdek, resurslardan oqilona foydalanish va aylanma iqtisodiyot tamoyillari haqida ham ma’lumotlar berildi.
Aholini ekologik tashabbuslarga jalb etish, atrof-muhit tozaligini saqlash va ekologik madaniyatni yuksaltirishda mahalla faollari, yoshlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar muhokamalarda o‘z fikrlarini bildirib, savollariga javob olishdi. Bundan tashqari, kundalik hayotda chiqindilarni kamaytirish va to‘g‘ri saralash bo‘yicha amaliy yondashuvlar bilan tanishdi.
Ma’lumot uchun, ushbu o‘quv-seminar darslari respublika bo‘ylab joriy yil oxirigacha davom etadi.




