Chiqindi poligonlarida xavfsiz va qulay mehnat sharoitlari yaratilmoqda
2026-09-30 17:20:00 / Yangiliklar

Ayni vaqtda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida jami 27 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni faoliyat yuritmoqda. Mazkur poligonlarga bir sutkada o‘rtacha 3 500–4 000 tonna maishiy chiqindi qabul qilinib, belgilangan tartibda joylashtirilmoqda.
Poligonlarning sanitar holatini yaxshilash va chiqindilarni talablar asosida joylashtirish maqsadida chiqindilar surilib, zichlanmoqda hamda yangi ish maydonlari tashkil etilmoqda. Natijada Andijon viloyatida 1,1 gektar, Farg‘ona viloyatida 16,8 gektar va Namangan viloyatida 19,3 gektar yer maydoni tayyorlandi.
Shuningdek, poligonlarning ichki va tashqi yo‘llarini obodonlashtirish, transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida Andijon viloyatida 1 400 metr, Farg‘ona viloyatida 700 metr va Namangan viloyatida 400 metr yo‘l tekislanib, shag‘allashtirildi.
Poligonlarda sanitariya talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida joriy yilda jami 21 marotaba dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya ishlari amalga oshirildi.
Yong‘inlarning oldini olish hamda yuzaga kelgan holatda tezkor choralar ko‘rish uchun poligonlarda tuproq zaxiralari ham shakllantirildi. Xususan, Andijon viloyatida 1 910 m³, Farg‘ona viloyatida 1 500 m³ va Namangan viloyatida 1 800 m³ tuproq zaxirasi yaratildi. Poligonlarda sodir bo'lgan yong‘in o‘choqlari maxsus texnikalar yordamida surilib, tuproq bilan qoplandi, zichlashtirildi va tekislandi.
Ishchi-xodimlar uchun xavfsiz va qulay mehnat sharoitlarini yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, xodimlar maxsus ish kiyimlari va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanmoqda. Mavjud maishiy xonalarni ta’mirlash va obodonlashtirish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish uchun zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, poligonlarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalarini chiqindilar bilan ishlashdan so‘ng zararsizlantirish va yuvish, shuningdek, poligon hududidan chiqindi, tuproq va boshqa ifloslantiruvchi qoldiqlarning tashqariga olib chiqilishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilyapti.
Poligonlarda zamonaviy avtotarozi, videokuzatuv kameralari, quyosh panellari, suv ta’minoti va boshqa zarur infratuzilmalar bilan jihozlanmoqda.
Chiqindi poligonlarining ekologik holatini yaxshilash, mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish borasidagi izchil ishlar davom etmoqda.
