1-oktabrdan respublika bo‘ylab “Tozalik va ozodalik” oyligi boshlanadi
2026-09-29 14:45:00 / E'lon va tenderlar

“Tozalik va ozodalik” oyligi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hududiy boshqarmalari hamda “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi tomonidan belgilangan reja asosida keng ko‘lamli amaliy ishlar tashkil etiladi.
Eko-tadbirlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida Agentlik, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlarida maxsus shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, hududiy boshqarmalarga mas’ul xodimlar biriktirilib, navbatchilik tizimi hamda kunlik monitoring tartibi joriy etildi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, hududlardan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar har kuni Agentlikka taqdim etilib, respublika kesimida umumlashtiriladi. Bu esa “Tozalik va ozodalik” oyligi tadbirlarini muntazam nazorat qilish va hududlarda tozalik ishlarini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Avval o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida 8 992 ta mahalla qamrab olinib, har kuni o‘rtacha 4 500 ta maxsus texnika va 10 mingga yaqin xodim jalb etilgan. Natijada qariyb 1,5 mln tonna maishiy chiqindi olib chiqilgan.
