“World cleanup day”: Respublika bo‘ylab bir kunda 38 tonna chiqindi tozalandi
2026-09-19 22:05:00 / Yangiliklar

Ma'lumot o‘rnida: Mazkur ekotadbir 2018-yildan beri sayyoramizni ommaviy tarzda chiqindilardan tozalash maqsadida o‘tkazilib kelinadi. Unda 211 ta davlatdan shu paytga qadar 114 mln kishi ishtirok etgan. Har yili dunyo bo‘ylab keng nishonlaniladigan ushbu eko sanada O‘zbekistonda ham butun respublika bo‘yicha soha xodimlari, ekofaollar, yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida plogging aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda. Bu eko-tabdirlar orqali aholi gavjum hududlarni chiqindilardan tozalash ana’naga aylangan.
Aksiya Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan “Foton”, “UzXCMG”, “AUTO SPEC TECH” korxonalari, UNDP xalqaro tashkiloti, “Uztelecom” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, viloyat hokimliklari, IIV, Sogʻliqni saqlash hamda Favqulodda vaziayatlar vazirliklari, Toshkent viloayati “Toza hudud” DM hamkorligida o‘tkazildi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Chimgan” MFY hududida o‘tkazilgan eko-tadbirda Agentlik mas’ullari, tizim tashkilotlar va sanitar tozalash korxonalari xodimlari, yoshlar, eko-faollar, ommaviy axborot vositalari vakillari faol ishtirok etishdi.
“Butunjahon tozalik kuni” tadbirlarida respublika bo‘yicha 5 ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashib, ular tomonidan jami 39 tonnaga yaqin chiqindi hududlardan olib chiqildi. To‘plangan chiqindilar 45 ta maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar orqali belgilangan tartibda bartaraf etildi.
Tadbirni Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Shuxrat Xaydar ochib berar ekan “Bugun tashkil etayotgan ushbu tozalik ekoaksiyamiz shunchaki bir kunlik tadbir bo‘lib qolmasdan, atrof-muhitga e’tibor va ozodalikka bo‘lgan mas’uliyat har birimizning kundalik hayot tarzimizga aylanishini istardim. Tabiatga g‘amxo‘rlik qilishni odatga aylantirish — mening eng katta orzularimdan biridir.” deya ta’kidladi.
Ekoaksiyada Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Lola Raxmanbayeva ham o‘z fikrlarini bildirdi.
“Asosiy maqsadimiz keng jamoatchilikning chiqindilarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va bu orqali chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish. Aslida, faqat “Butunjahon tozalik kuni”da emas, har kuni atrof-muhitni toza saqlashimiz lozim” - dedi L. Raxmanbayeva.
Shuningdek, Shuxrat Xaydar BMTning “World cleanup day” global tarmog‘iga ulanib, jonli efir orqali O‘zbekiston xalqaro eko-aksiyada doimiy ishtirok etib kelayotganini va bu yil ham aksiya keng ko‘lamda tashkil qilinganini ta'kidladi.
Aksiya davomida ishtirokchilar mutasaddi rahbarlar boshchiligida belgilangan hududni chiqindilardan tozalashdi. Jamoaviy tarzda 9 guruhga bo‘lingan holda o‘zaro tozalik uchun bellashib, eng faollar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — Poligon direksiyasi jamoasi — 279 kg
2-o‘rin — Agrar universitet jamoasi — 220 kg
3-o‘rin — 172-son maktab jamoasi — 95 kg
Plogging davomida Chimgan mahalla hududidan jami 822 kg chiqindi yig‘ildi. Bundan tashqari, yosh eko-faol rassomlar tomonidan atrof-muhitni ozoda saqlashga doir suratlar chizildi. Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar, faol ishitirokchi hamda hamkor tashkilotlar munosib taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston o‘tgan yili “World cleanup day-2025” xalqaro eko-aksiyasi doirasida hududlar jami 55 tonna chiqindidan tozalangan edi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar har birimizda tabiatga daxldorlik hissini uyg‘otib, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda isteʼmol va ishlab chiqarishning oqilona modellariga o‘tish orqali chiqindini aylanma iqtisodiyotning muhim bo‘lagiga aylantirishga xizmat qiladi.







