Agentlik xodimlari uchun O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyiga sayohat tashkil qilindi
2026-09-09 12:30:00 / Yangiliklar

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad xodimlarning tarixiy bilimlarini boyitish, milliy qadriyatlar va tarixiy xotiraga hurmatni yanada mustahkamlash, shuningdek, yurtimizning ozodligi va taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilgan ajdodlarimizning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Sayohat davomida Agentlik xodimlari muzey ekspozitsiyalari bilan tanishib, prokuratura organlarining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari, tarixiy hujjatlar, arxiv materiallari hamda sohaga oid boshqa qimmatli eksponatlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Muzeyning alohida bo‘limlarida siyosiy qatag‘onlar davrida nohaq jazolangan, otib tashlangan, surgun va quvg‘inlarga uchragan yurtdoshlarimizning hayoti va taqdiriga oid ma’lumotlar o‘rin olgan. Ular orasida davlat va siyosat arboblari bilan bir qatorda harbiylar, sud-huquq hamda prokuratura tizimi xodimlari ham bor.
Agentlik xodimlari uchun tashkil etilgan mazkur tashrif tarixiy xotirani asrash, ajdodlarimizning Vatan ozodligi yo‘lidagi jasorati va fidoyiligini chuqur anglashda muhim ahamiyat kasb etdi.






