E'lon: 100 nafar tozalik posboni velosiped bilan rag‘batlantiriladi
2026-09-02 19:30:00 / E'lon va tenderlar

Nomzodlar rag‘batlantirish tartibi
Tanlov yakunlariga ko‘ra munosib deb topilgan xodimlar, ekofaollar va jamoatchilik ekologiya nazoratchilari Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili dekabr oyida 100 ta velosiped hamda boshqa qimmatbaho mukofotlar bilan taqdirlanadi.
Nomzodlarni tavsiya etish uchun qanday hujjatlar kerak?
Rag‘batlantirishga tavsiya etiladigan nomzodlar bo‘yicha quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- nomzodning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotnoma — korxona rahbarining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan holda;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat — fuqarolik pasporti yoki ID-karta nusxasi;
- nomzodning so‘nggi ikki yil davomida sanitariya tozalash va obodonlashtirish sohasida faoliyat yuritganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
- nomzodning atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish, saralash va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida namunali xizmat ko‘rsatganligini aks ettiruvchi, korxona rahbarining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan tavsifnoma.
Hujjatlarni qayerga taqdim etish kerak?
Barcha hujjatlarni hududiy ekologiya boshqarmalarida tashkil etilgan ishchi guruhlariga taqdim etishingiz so‘raladi. Fidoyi xodimlar, ekofaollar va jamoatchilik ekologiya nazoratchilarini ushbu tanlovda faol ishtirok etishga chorlaymiz!
Fidokorona mehnat — munosib e’tirof va rag‘batga loyiq!
