Korrupsiyaga qarshi kurash: amaliy choralar, tahlil va natijalar
2026-08-26 11:00:00 / Matbuot anjumanlari

Agentlik direktorining 2026-yil 9-fevraldagi 15-son buyrug‘i asosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 27 ta vazifa va ularni amalga oshirishning 58 ta mexanizmini o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini yagona tartib asosida tashkil etish uchun 11 ta ichki idoraviy hujjat ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Agentlikning vazifa va funksiyalari korrupsiyaviy xavflar nuqtayi nazaridan tahlil qilinganda 68 ta funksiyasidan: 1 tasida korrupsiyaviy xavf “yuqori”; 9 tasida “o‘rta”; qolgan funksiyalarda esa “past” darajada ekani ma'lum bo'ldi. Aniqlangan xavflarni kamaytirish maqsadida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi va korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi tasdiqlandi. Shuningdek, korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati shakllantirildi.
Agentlik tizimida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026-yilda Agentlik va uning tizim tashkilotlarida ishlayotgan 3 363 nafar xodim ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiyalarni to‘ldirdi. Shuningdek, Agentlik, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari tomonidan tuzilayotgan xo‘jalik shartnomalariga korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maxsus shartlar kiritilmoqda.
Kadrlarni ishga qabul qilishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida nomzodlar bo‘yicha tegishli tekshiruvlar o‘tkazildi. Hisobot davrida jami 57 nafar nomzod tekshiruvdan o‘tkazildi. Shundan 19 nafari Agentlik markaziy apparatiga, 10 nafari hududiy bo‘linmalarga, 28 nafari esa “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasiga ishga qabul qilingan nomzodlardir.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda 2026-yilning birinchi yarim yilligida jami 200 nafar xodim “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” platformasidagi maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirdi. Ularning 55 nafari Agentlik markaziy apparati, 145 nafari esa hududiy boshqarmalar xodimlaridir.
Korrupsiya holatlari haqida xabar berishni istagan fuqarolar uchun qulay aloqa kanallari yo‘lga qo‘yilgan. Fuqarolar quyidagi vositalar orqali murojaat qilishi mumkin: Agentlikning rasmiy veb-sayti; info@sanitation.uz elektron pochta manzili; 1275 ishonch telefoni; @Sanitationanticor_bot Telegram-boti. Ushbu kanallar orqali korrupsiyaga oid holatlar yuzasidan, shu jumladan anonim tarzda ham murojaat qilish mumkin. 2026-yilning birinchi yarim yilligida Agentlikka korrupsiya holatlariga oid 16 ta murojaat kelib tushdi. Ularning barchasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.
Korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, qonunbuzilishlarning oldini olish va ijro intizomini mustahkamlash maqsadida Agentlikning hududiy boshqarmalari hamda tizim tashkilotlarida 5 ta rejali o‘rganish va 6 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. O‘rganish va tekshiruvlar davomida to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mas’ul shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Jumladan, 7 nafar mansabdor shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 2 nafar mansabdor shaxsga esa intizomiy jazo qo‘llanildi.
Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish faqat sodir etilgan qonunbuzilishlarga munosabat bildirishdan iborat emas. Asosiy maqsad — korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan sabab va sharoitlarni oldindan aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ishga qabul qilish va shartnomalar tuzishda shaffoflikni ta’minlash, xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirish hamda fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqishdir.
Kelgusida ham Agentlik tizimida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish, ochiqlik va hisobdorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
