25 kunda respublikadagi poligonlarga 316 ming tonna chiqindi joylashtirildi
2026-08-25 16:15:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda hududlardagi chiqindi poligonlarining kun davomida uzluksiz faoliyat yuritishi ta’minlanmoqda. Har bir hududga mas’ul xodimlar biriktirilib, ularning kundalik faoliyati nazoratga olingan. Natijada, 130 ta chiqindi poligonida maxsus texnikalardan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, poligonlarning ichki va tashqi yo‘llarining 14 kilometrdan ortiq qismi tekislanib, shag‘allashtirildi.
Shuningdek, chiqindilarni tartibga keltirish maqsadida jami 312,7 gektar maydondagi chiqindilar surilib, bo‘sh yerlar ochildi va chiqindilar zichlashtirildi.
Poligonlarda yong‘inlarning oldini olish maqsadida esa qariyb 25 ming kub metr tuproq zaxirasi yaratildi. Maxsus texnikalar yordamida chiqindilar surilib, tuproq bilan qoplandi va tekislandi. Natijada yong‘in o‘choqlarining qayta avj olishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.
“Dolzarb 40 kunlik” tadbirining dastlabki 25 kuni davomida chiqindi poligonlariga 97 857 ta maxsus texnika qatnovi amalga oshirilib, 316 ming 395 tonna chiqindi joylashtirildi.
Eng katta ko‘rsatkichlar Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida qayd etildi. Jumladan:
Samarqand viloyatida — 14 071 ta qatnov, 44 067 tonna;
Toshkent viloyatida — 11 016 ta qatnov, 42 026 tonna;
Farg‘ona viloyatida — 12 291 ta qatnov, 40 722 tonna;
Namangan viloyatida — 8 310 ta qatnov, 27 927 tonna;
Buxoro viloyatida — 8 252 ta qatnov, 25 695 tonna;
Xorazm viloyatida — 7 068 ta qatnov, 24 041 tonna;
Qashqadaryo viloyatida — 6 848 ta qatnov, 21 756 tonna;
Andijon viloyatida — 7 011 ta qatnov, 21 473 tonna.
Shuningdek, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi poligonlarda ham katta hajmdagi chiqindilar belgilangan tartibda joylashtirildi.
“Dolzarb 40 kunlik” tadbiri doirasidagi ishlar davom ettirilmoqda. Asosiy e’tibor hududlarda sanitar holatni yaxshilash, chiqindi poligonlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda ularda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan.
