E'lon: “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovida ishtirok eting
2026-08-25 14:25:00 / E'lon va tenderlar

Tanlovning asosiy maqsadi
Tanlov, avvalo, tozalash va obodonlashtirish sohasida uzoq yillar davomida halol, fidokorona va sadoqat bilan mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlarni munosib rag‘batlantirishga qaratilgan. Jumladan, sanitar tozalash korxonalarida chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bevosita amalga oshirayotgan, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmalarida tozalash ishlarida faoliyat yuritayotgan, kamida 10 yil samarali va sadoqatli mehnat qilgan xodimlarni e’tirof etish tanlovning ustuvor maqsadlaridan biridir. Shuningdek:
- ko‘p yillik mehnati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan xodimlarni e’tirof etish;
- sanitara tozalash va obodonlashtirish sohasida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning nufuzi va qadr-qimmatini oshirish;
- yosh xodimlar uchun uzoq yillik halol va fidokorona mehnatni ibrat sifatida targ‘ib qilish;
- aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
G‘oliblarni rag‘batlantirish tartibi
Tanlov yakunlariga ko‘ra, g‘olib nomzodlarning davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan farzandlari yoki nevaralarining bir yillik kontrakt to‘lovi qoplab beriladi. Bunda to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshmasligi lozim. Shu bilan birga, ushbu imtiyozdan foydalangan talabalar zimmasiga kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.
Tanlovda ishtirok etish kerakli hujjatlar ro'yxati
Tanlovda ishtirok etish uchun arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- nomzodning biometrik pasporti yoki ID-kartasi nusxasi;
- 3×4 sm o‘lchamdagi rangli fotosurat;
- ma’lumotnoma (obyektivka);
- nomzodning so‘nggi 3 yil davomida amalga oshirgan ishlari, erishgan natijalari va tashabbuslari aks ettirilgan tavsifnoma;
- farzandi yoki nevarasining davlat oliy ta’lim muassasasida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma hamda shartnoma nusxasi;
- davlat oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan shaxsning nomzodga
qarindoshligini tasdiqlovchi hujjat.
Muhim!
Tanlovda ishtirok etish uchun 1-sentabrdan boshlab Sanitar tozalash korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalarida arizalarni qabul qilish boshlanadi. Arizalar 1-oktabrga qadar qabul qilinadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etiladigan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va ishonchliligi uchun javobgarlik ularni taqdim etgan tashkilot rahbari zimmasiga yuklanadi. Shu sababli nomzodlar haqidagi barcha ma’lumotlar aniq, to‘liq, ishonchli va belgilangan tartibda taqdim etilishi shart.
Tanlovda faol ishtirok eting!
Manbalar:
1. “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” va “Eng toza mahalla” tanlovlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2. “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NIZOM
3. “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovini o‘tkazish SXEMASI
4. “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanloviga tavsiya etilgan nomzodlarni baholash MEZONLARI
