E'lon: “Eng toza mahalla” tanlovida ishtirok eting
2026-08-24 18:35:00 / E'lon va tenderlar

Tanlovning asosiy maqsadi — mahallalarda sanitariya va obodonlashtirish ishlarini yanada yaxshilash, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish va saralash tizimini rivojlantirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik infratuzilmani rivojlantirishdan iborat.
G‘olib mahallalarni rag‘batlantirish tartibi
Tanlov yakunlariga ko‘ra, 14 ta mahalla g‘olib deb topiladi. Har bir g‘olib mahallaga Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 500 million so‘m ajratiladi hamda xizmat faoliyati uchun bittadan elektromobil topshiriladi.
Ajratilgan mablag‘lar chiqindi yig‘ish maydonchalarini tashkil etish, ijtimoiy obyektlarga chiqindi konteynerlarini o‘rnatish va hududni ko‘kalamzorlashtirish ishlariga yo‘naltiriladi.
Mazkur rag‘batlantirish choralari mahallalarda ekologik infratuzilmani yaxshilash va obodonlashtirish ishlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun kerakli hujjatlar va tartibi
Tanlovda ishtirok etish uchun arizaga quyidagi hujjat va ma’lumotlar ilova qilinadi:
1. Mahalla pasporti.
2. Mahallaning ekologik holati va amalga oshirilgan ishlarini tasdiqlovchi materiallar, jumladan:
- ijtimoiy obyektlardagi mavjud chiqindi konteynerlari hamda ko‘chalarga o‘rnatilgan chiqindi qutilari soni;
- chiqindilarni yig‘ish shoxobchalari soni va ularning holati;
- sanitariya tozalash xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomi va debitor qarzdorlik holati;
- chiqindilarni to‘plash, saralash va olib chiqib ketish ishlarining tashkil etilganlik darajasi;
- mahallani chiqindilardan xoli hududga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar;
- aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari;
- atrof-muhitni muhofaza qilishga oid ishlarning ommaviy axborot vositalarida yoritilishi;
- daraxt va butalarni parvarishlashda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish darajasi;
- tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasidagi tashabbuslar;
- chiqindilarni saralab yig‘ish tizimining joriy etilganligi;
- “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilgan daraxt va butalarning holati;
- energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish darajasi.
Ushbu ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari, fotoalbom hamda 10 daqiqadan oshmagan videolavha-taqdimot ham ilova qilinishi lozim.
Muhim!
Tanlovda ishtirok etish uchun 1-oktabrdan boshlab O‘zbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) bo‘limlarida arizalarni qabul qilish boshlanadi. Arizalar 30-oktabrga qadar qabul qilinadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun javobgarlik mahalla raisi zimmasiga yuklanadi. Shu sababli mahallada amalga oshirilgan ishlar, mavjud ekologik infratuzilma, hududning tozaligi va obodonlashtirilganlik holati hamda ekologik tashabbuslar haqidagi ma’lumotlar aniq, to‘liq va haqqoniy tarzda taqdim etilishi lozim.
Tanlovda faol ishtirok eting!
“Eng toza mahalla” — bu shunchaki tanlov emas! Bu — mahallaning ekologik madaniyati, obodligi va aholining atrof-muhitga bo‘lgan mas’uliyatini namoyon etish imkoniyatidir. Barcha mahallalarni tanlovda faol ishtirok etishga, hududlarda amalga oshirilayotgan ekologik ishlar va tashabbuslarni namunali tarzda tashkil etishga chorlaymiz!
Eng toza mahalla — eng obod mahalla!
Manbalar:
1. “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5-son Farmoni
2. “Eng toza mahalla” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida NIZOM
3. “Eng toza mahalla” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish SXEMASI
4. “Eng toza mahalla” tanloviga tavsiya etilgan nomzodlarni baholash MEZONLARI
