Yarim yilda agentlik 18 mingdan ortiq sohaga oid murojaatlarni oʻrgandi
2026-08-19 19:25:00 / Yangiliklar


Taqqoslash uchun, 2025-yilning birinchi yarim yilligi davomida 6 825 ta murojaat qayd etilgan bo‘lib, joriy yilning birinchi yarim yilligida murojaatlar soni 11 872 taga yoki 174 foizga oshgan.
Kelib tushgan murojaatlarning 5 961 tasi Xalq qabulxonalari orqali, 12 328 tasi ishonch raqami orqali, 408 tasi esa boshqa manbalar orqali yo‘llangan.
Tahlillar murojaatlarning asosiy qismi maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari bilan bog‘liq masalalarga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari bo‘yicha qarzdorligi mavjud iste’molchilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda elektr energiyasi ta’minotini cheklash mexanizmining amaliyotga joriy etilishi ushbu yo‘nalishdagi murojaatlar sonining oshishiga ta’sir ko‘rsatgan.
Murojaatlar sonining ortishi, shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan ham bog‘liq. Jumladan, aholini maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olish darajasi izchil oshirilmoqda, yangi hududlar xizmat ko‘rsatish tizimiga bosqichma-bosqich jalb qilinmoqda, abonentlar bilan hisob-kitoblar “Toza makon” billing tizimi orqali raqamlashtirilmoqda hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Fuqarolarning murojaatlarini tezkor qabul qilish va ularga o‘z vaqtida munosabat bildirish maqsadida Agentlik tomonidan 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi 1205 qisqa raqamli koll-markaz ishga tushirildi. Mazkur markaz orqali maishiy chiqindilar sohasiga oid murojaatlar, takliflar va shikoyatlarni tun-u kun qabul qilish imkoniyati yaratilgani ham aholining murojaat qilish faolligini oshirdi.
Hisobot davrida ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 15 182 tasi qanoatlantirilgan, 2 352 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 58 tasi qonunchilik talablariga muvofiq ko‘rib chiqilmasdan qoldirilgan, 1 102 tasi esa o‘rganish jarayonida bo‘lgan.
Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida Agentlik rahbariyati va mas’ul xodimlari tomonidan jami 413 nafar jismoniy shaxs hamda yuridik shaxslar vakillari qabul qilindi. Shundan 348 nafari sayyor qabullarda, 65 nafari esa shaxsiy qabullarda ishtirok etdi. Qabullar davomida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi.
Murojaatlar mazmuni bo‘yicha eng ko‘p murojaatlar maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish masalalari yuzasidan — 12 581 ta, shuningdek, mazkur xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik masalalariga doir — 3 945 ta kelib tushgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-445-son Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi PF–51-son Farmoni hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining 2026-yil 3-apreldagi 123-son buyrug‘i ijrosi doirasida Agentlik markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom yangi tahrirda tasdiqlandi.
Agentlik fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini o‘z vaqtida, xolis va qonuniy ko‘rib chiqish, mavjud muammolarni tizimli tahlil qilish hamda ularni tezkor hal etishga qaratilgan ishlarni uzluksiz davom ettirmoqda.
