Radioaktiv chiqindilar bilan ishlashda davlat nazorati kuchaytiriladi
2026-08-18 13:25:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda aholi salomatligi va hayotini, shuningdek, atrof-muhitni radioaktiv chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish masalalariga e’tibor qaratildi. Qonun loyihasi radioaktiv chiqindilarni saqlash, tashish va boshqarish tartibini takomillashtirish hamda bu sohada yagona davlat siyosatini shakllantirishni nazarda tutadi.
Fraksiya a’zosi F. Sharipov loyihada amaldagi ayrim qonunlarga o‘zgartishlar kiritish taklif etilayotganini, biroq bu o‘zgartishlarning zarurati yetarlicha asoslanmaganini ta’kidladi.
Tashabbuskorlar esa atom energetikasi rivojlanayotgan sharoitda radioaktiv chiqindilar bilan xavfsiz ishlash, ularni saqlash va boshqarishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarurligini bildirdi.
Yig‘ilishda atom energetikasi uchun kadrlar tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, bu yo‘nalishda 2018-yildan buyon tizimli ishlar olib borilmoqda. Moskva fizika-texnika instituti filialining O‘zbekistonda ochilgani soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlashdagi muhim qadamlardan biri sifatida qayd etildi.
Radioaktiv chiqindilarni saqlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislarning aytishicha, hozirgi radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi asosan tibbiyot va sanoat korxonalarida hosil bo‘ladigan chiqindilar uchun mo‘ljallangan. Atom elektr stansiyalarida hosil bo‘ladigan chiqindilarni saqlash va boshqarish obyektlari esa stansiya loyihasining o‘zida ko‘zda tutiladi.
Qonun loyihasi qabul qilinsa, radiatsiya va yadro xavfsizligi, atom energiyasidan foydalanish hamda radioaktiv chiqindilar bilan ishlash ustidan davlat nazorati yanada takomillashtiriladi.
Yig‘ilishda moliyaviy jarimalarni qo‘llash, ulardan shikoyat qilish va noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish tartibiga oid yana bir qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar yakunida kun tartibidagi masalalar bo‘yicha fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.




