Samarqand viloyati poligonlarida “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari samarali tashkil etilmoqda
2026-08-14 09:10:00 / Yangiliklar

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tasarrufidagi barcha poligonlarda maxsus texnikalar yordamida qattiq maishiy chiqindilar surilib, zichlanmoqda hamda rekultivatsiya ishlari belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda. Yong‘in xavfini kamaytirish maqsadida chiqindilar tuproq qatlami bilan qoplanib, poligonlarda xavfsiz hududlar tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, poligonlar va ularning atrof hududlarida tozalash ishlari olib borilib, daraxtlar sug‘orilmoqda, sanitariya holati muntazam yaxshilanmoqda. Barcha jarayonlar mas’ul mutaxassislar va ishchi guruh tomonidan doimiy nazorat ostida tashkil etilmoqda.
Amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida poligonlarning sanitariya va texnik holati yaxshilanib, yong‘in xavfining oldi olinmoqda, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish hamda chiqindilarni xavfsiz boshqarish bo‘yicha zarur choralar ko'rilmoqda.
Ta'kidlash joizki, mazkur ishlar poligonlardan samarali foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda hududlarning obodonligini oshirishga xizmat qiladi.







