Nukusda “Yashil qo‘llar” plogging aksiyasi o‘tkazildi
2026-08-10 10:45:00 / Yangiliklar

Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazildi.
Aksiyada agentlik xodimlari, Ekologik partiya a’zolari, agentlikning “Jasıl qalqan” volontyorlik guruhi hamda Nukus shahriga xizmat ko‘rsatuvchi “Toza makon service” MChJ xodimlari faol ishtirok etdi.
Plogging davomida 31 nafar ishtirokchi “Do‘stlik” kanali bo‘yidagi dam olish maskani hududini turli maishiy chiqindilardan tozalashdi va 180 kg chiqindi yig'ishdi. Shuningdek, hududni obodonlashtirish va tartibga keltirish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar nafaqat hududning tozaligini ta’minlash, balki chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va ekologik mas’uliyatni oshirishga chaqirildi.
“Yashil qo‘llar” aksiyasi orqali jamoatchilikning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va volontyorlarni atrof-muhitni asrashga keng jalb etish hamda shahar hududlarida tozalikni ta’minlashga e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida aksiyada faol qatnashgan ishtirokchilar diplomlar bilan taqdirlandi.
Bunday ekologik aksiyalarni muntazam tashkil etish hududlarni ozoda saqlash bilan birga, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish va tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.




