Jizzax shahri, Sharof Rashidov va Zarbdor tumanlarida sanitariya tozalash hamda obodonlashtirish xizmatlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi
2026-08-07 16:50:00 / E'lon va tenderlar

Loyiha nomi:
“Jizzax shahri, Sharof Rashidov va Zarbdor tumanlarida aholiga sanitariya tozalash xizmatlarini ko‘rsatish hamda Jizzax shahrida obodonlashtirish ishlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish” loyihasi.
Davlat sheriklari:
- sanitariya tozalash va chiqindilarni boshqarish yo‘nalishida — Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi;
- obodonlashtirish yo‘nalishida — Jizzax shahar hokimligi.
Loyihaning maqsadi
Loyihaning asosiy maqsadi Jizzax shahri, Sharof Rashidov va Zarbdor tumanlarida qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va tashish xizmatlarining sifati, uzluksizligi hamda qamrovini oshirish, shuningdek, Jizzax shahrida obodonlashtirish ishlarini zamonaviy texnika, raqamli boshqaruv va natijaga yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish modeli asosida tashkil etishdan iborat.
Loyiha orqali davlat va xususiy sektor imkoniyatlarini birlashtirish, xususiy investitsiyalarni jalb etish, maxsus texnika va infratuzilmani yangilash hamda xizmatlar sifatini samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash nazarda tutilmoqda.
Loyiha doirasida amalga oshiriladigan asosiy ishlar
Xususiy sherik tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:
- Jizzax shahri, Sharof Rashidov va Zarbdor tumanlarida qattiq maishiy chiqindilarni tasdiqlangan yo‘nalishlar va jadvallar asosida muntazam yig‘ish va tashish;
- sanitariya tozalash xizmatlari qamrovini bosqichma-bosqich kengaytirib, 2030-yilga qadar 95 foizga yetkazish;
- chiqindilarni qayta yuklash stansiyalariga va keyinchalik chiqindilarni yoqish zavodiga yetkazish tizimini tashkil etish;
- maxsus chiqindi tashish texnikalari, mobil qayta yuklash stansiyalari, multiliftlar, quvvatlash stansiyalari va chiqindi konteynerlarini xarid qilish;
- mavjud chiqindi yig‘ish maydonchalarini kapital ta’mirlash va yangi yengil konstruksiyali chiqindi yig‘ish maydonchasini barpo etish;
- chiqindilarni tashish yo‘nalishlarini raqamli yechimlar asosida rejalashtirish
va logistika xarajatlarini optimallashtirish; - Jizzax shahridagi ko‘chalar, yo‘llar, maydonlar, piyodalar yo‘laklari, ko‘priklar, ariqlar, kanallar, bog‘lar, xiyobonlar, tashqi yoritish va boshqa jamoat hududlarini tozalash, saqlash va obodonlashtirish;
- maxsus texnika va uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish, ularni doimiy ish holatida saqlash hamda zaruratga ko‘ra yangilab borish;
- xizmatlarni belgilangan standartlar va samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida ko‘rsatish.
Loyiha doirasida xususiy sherik mablag‘lari hisobidan jami 69 ta 12 m³, 18 ta 7 m³ va 88 ta 2 m³ hajmdagi chiqindi tashish texnikasi, 12 ta quvvatlash stansiyasi, 25 ta mobil qayta yuklash stansiyasi, 5 ta multilift hamda 827 ta 1,1 m³ hajmdagi chiqindi konteynerini xarid qilish rejalashtirilgan.
Obodonlashtirish yo‘nalishida Jizzax shahar obodonlashtirish boshqarmasi balansidagi soz holatdagi 24 ta texnika xususiy sherikka foydalanish uchun topshirilishi va xizmat hududlarini to‘liq qamrab olish maqsadida qo‘shimcha asosiy vositalar bosqichma-bosqich jalb etilishi nazarda tutilmoqda.
Loyihaning asosiy ko‘rsatkichlari
- Loyiha hududi: Jizzax shahri, Sharof Rashidov va Zarbdor tumanlari;
- loyihaning dastlabki qiymati: 72 818 901 ming so‘m;
- DXSh bitimining rejalashtirilgan muddati: 10,5 yil;
- loyihani ishga tushirishning rejalashtirilgan muddati: DXSh bitimi imzolanganidan keyin 6 oy;
- qamrab olinadigan aholi: taxminan 547 ming nafar;
- sanitariya xizmatlari bilan qamrab olinadigan uy xo‘jaliklari: taxminan 78–110 mingta;
- loyiha faoliyatiga jalb etilishi rejalashtirilgan xodimlar: jami 438 nafar, shundan 283 nafari sanitariya tozalash va 155 nafari obodonlashtirish yo‘nalishida.
Moliyalashtirish va xizmatlar uchun to‘lov
Sanitariya tozalash xizmatlari uchun xususiy sherikka chiqindilar hajmi va tashish masofasidan kelib chiqib, tonna/kilometr asosida oylik o‘zgaruvchan to‘lov amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Jizzax shahridagi obodonlashtirish xizmatlari uchun to‘lovlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har oyda amalga oshiriladi.
Har ikkala yo‘nalish bo‘yicha to‘lovlar DXSh bitimida belgilangan xizmat standartlari va samaradorlik ko‘rsatkichlarining bajarilish natijalarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Loyihadan kutilayotgan natijalar
Loyihani amalga oshirish natijasida:
- sanitariya tozalash xizmatlari qamrovi va sifati oshiriladi;
- chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ish va tashish ta’minlanadi;
- hududlarda chiqindilarning noqonuniy va nazoratsiz tashlanishi kamaytiriladi;
- maxsus texnika va kommunal infratuzilma yangilanadi;
- Jizzax shahridagi obodonlashtirish ishlari yagona standartlar asosida tashkil etiladi;
- xizmat ko‘rsatish jarayonlariga raqamli monitoring va zamonaviy logistika yechimlari joriy etiladi;
- davlat va xususiy sherikning vazifalari, javobgarligi va risklari aniq belgilanadi;
- xizmatlar sifati o‘lchanadigan samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida nazorat qilinadi;
- hududlarning sanitariya-ekologik holati va aholining yashash muhiti yaxshilanadi.
Jamoatchilik muhokamasida ishtirok etish tartibi
Fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ekologiya sohasi mutaxassislari hamda boshqa manfaatdor tomonlar loyiha konsepsiyasi yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirishlari mumkin.
Takliflarda murojaat qiluvchining F.I.Sh. yoki tashkilot nomi, aloqa ma’lumotlari, taklifning mazmuni va qisqacha asoslantirilishi ko‘rsatilishi tavsiya etiladi.
Takliflarni qabul qilish muddati:
2026-yil 7-avgustdan 2026-yil 17-avgustga qadar.
Takliflarni yuborish usullari:
- elektron pochta: info@sanitation.uz;
- telefon: 71 207 32 23 (1005);
- elektron murojaat shakli: info@sanitation.uz.
Jamoatchilik muhokamasi davomida kelib tushgan asoslantirilgan taklif va mulohazalar davlat sherigi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi hamda loyiha hujjatlarini takomillashtirishda inobatga olinadi.
