Issiq kunlarda chiqindi poligonlari nega yonadi?
2026-07-13 10:00:00 / Yangiliklar

Poligonni yoqishdan kimgadir foyda bormi? Aslida, poligon davlatniki bo‘ladimi yoki xususiy tadbirkor boshqaruvidami, uni yoqishdan hech kim manfaatdor emas. Ayni paytda Ohangarondagi poligon ham xususiy tadbirkor tasarrufida. Yong‘inni o‘chirish uchun yuzlab tonna suv, maxsus texnikalar, katta miqdorda yonilg‘i, ko‘p tuproq va inson resursi talab etiladi. Bu esa tadbirkorga ham, davlatga ham faqat katta iqtisodiy zarar olib keladi. Bundan tashqari, hozirda respublikadagi 137 ta poligonning 98 tasida chiqindini saralashni yo‘lga qo‘yish maqsadida ochiq tanlovlar eʼlon qilingan. Tadbirkor uchun chiqindini yoqish emas, aksincha, uni saralab, qayta ishlashga yo‘naltirish foydaliroq.
Poligonlar yonishining esa 4 ta asosiy sababi mavjud. Poligonlardagi yong‘inlar inson omilisiz, ob-havoning jazirama kelishi natijasida butunlay tabiiy va kimyoviy jarayonlar oqibatida yuzaga keladi. Masalan, poligonlardagi jami chiqindining 44 foizini organik chiqindilar tashkil etadi. Ular issiqda bakteriyalar taʼsirida parchalanib, kimyoviy oksidlanish yuzaga keladi va is gazi hamda o‘ta tez yonuvchan metan gazi ajralib chiqadi. Maʼlumot uchun, 1 gektar maydondagi 10 ming kub chiqindi yuzasida 350 ming kub metr metan gazi sizgani bois kichik bir uchqun yoki qizish ham yirik yong‘inga sabab bo‘ladi.
Ikkinchi sababi shuki, umumiy chiqindining 0,9 foizini alyumin idishli gazli chiqindilar (dezodorant, zajigalkalar) tashkil etadi. Kuchli jaziramada bu idishlar ichidagi gaz zichlashadi, taranglashadi va oqibatda portlab, atrofdagi quruq chiqindilarni alanga oldiradi.
Bundan tashqari, chiqindi tarkibidagi shisha idishlar va ularning bo‘laklari quyosh tik tushganda lupa vazifasini bajaradi. Quyosh nurini bir nuqtaga yo‘naltirishi natijasida atrofdagi plastik va polietilen mahsulotlari chaqnaydi va tabiiy yong‘in hosil bo‘ladi.
Eng so‘nggi sabab bo‘lsa, xo‘jalik va restoranlardan chiqadigan kullardir. Shashlikxona, ovqatlanish shoxobchalari va xonadonlar baʼzan o‘choq yoki tandirdan chiqqan kulni maishiy chiqindi qutilariga tashlaydi. Kul tashqi tomondan o‘chgandek tuyilsa ham, uning o‘zagidagi cho‘g‘ va issiqlik 1-2 kungacha saqlanib qoladi. Musorovozlar bu kulni poligonga olib borib to‘kkach, issiq havo taʼsirida chiqindining ichki qatlamidan alanga olib ketadi.
Chiqindi poligoni xususiy bo‘lishi mumkin emas. Bu strategik va ekologik xavfsizlik obyekti bo‘lib, u to‘liq davlat nazoratida turadi. Shu bois davlat rahbarining 2024 yil 4 yanvardagi Farmoni bilan mamlakatdagi barcha qattiq maishiy chiqindi poligonlari Ekologiya vazirligi huzuridagi «Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi» davlat muassasasi boshqaruviga o‘tkazilishi, yaʼni davlatga qaytarilishi belgilab qo‘yilgan.
Biroq bugungi kunda ayrim hududlardagi poligonlarni davlat tasarrufiga qaytarish jarayonlari hali to‘liq yakuniga yetkazilmagan. Mana shunday poligonlarning hali davlatga qaytarilmaganini inobatga olib, ularda texnik va ekologik talablar buzilishi oqibatida ko‘ngilsiz holatlar yuzaga kelmoqda. Ilgari ushbu obyektlarni boshqargan subyektlar tomonidan chiqindilarni o‘z vaqtida qatlam-qatlam joylashtirish, zichlash va har kuni ustini tuproq bilan qoplash talablari yetarlicha bajarilmagan. Oqibatda chiqindi ichida havo bo‘shliqlari qolib, kislorod va metan gazining o‘zaro reaksiyasi jaziramada mana shunday yong‘inlarni keltirib chiqarmoqda.
Poligonlarda yong‘in chiqishi faqat O‘zbekistonga xos muammo emas. Bu butun dunyo kurashayotgan global tabiiy jarayondir. Misol uchun, issiq o‘lka bo‘lmagan Shvetsiyada yiliga 23 marta, Polshada 30-80 marta, AQSH poligonlarida esa yiliga 8000 dan ortiq yong‘in qayd etiladi. Hindistonda esa poligonlar haftalab, hatto 2-3 oylab tutab yonishi kuzatiladi.
Respublikamiz bo‘yicha esa 2026 yil boshidan buyon poligonlarda 19 marta yong‘in qayd etildi. Tezkor choralar va nazorat kuchaytirilgani sababli bu ko‘rsatkich ancha kamaygan, taqqoslash uchun, 2025 yil davomida 44 marta yong‘in bo‘lgan edi.
Poligonlarda maxsus suv nasoslari, uzun shlanglar va ichki vodovozlar doimiy shay holatda turadi. Yong‘in chiqqanda birinchi navbatda poligon xodimlari, so‘ng Favqulodda vaziyatlar vazirligi jalb etiladi. Olov suv bilan so‘ndirilgach, qayta alanga olmasligi va havo kirmasligi uchun usti zudlik bilan tuproq bilan ko‘milib, zichlanadi.
Chiqindilarni boshqarish agentligi fuqarolardan, ayniqsa, umumiy ovqatlanish shoxobchalari rahbarlaridan tarkibida alanga olishi mumkin bo‘lgan kul va boshqa chiqindilarni boshqa maishiy chiqindilarga aralashtirmaslikni so‘rab qoladi.



