Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qonun qabul qilindi
2026-06-23 19:00:00 / Yangiliklar

Mazkur Qonun bilan 3 ta Kodeks va 5 ta Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Xususan:
- Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reestri yuritilishi belgilandi. Reestrga kiritilgan shaxslarga qator cheklovlar belgilanib, ular jumladan davlat xizmatiga kirishi, saylanadigan lavozimlarga nomzodini koʻrsatishi, davlat xaridlarida qatnashishi taqiqlandi.
- Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga taʼrif berilib, unga 18 turdagi jinoyatlar kirishi belgilandi.
- Huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega boʻlgan yangi institut – komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining qonuniy asoslari yaratildi. Ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari qonun bilan oʻrnatildi;
- tegishli tashkilot obyektlariga toʻsqinliksiz kirish;
- zarur axborot va materiallar bilan toʻsqinliksiz tanishish;
- aniqlangan korrupsiyaviy holatlar yuzasidan taqdimnoma kiritish;
- mustaqil yoki ishchi guruh tuzgan holda nazorat va tekshirishlar tadbirlarini tashkil etish;
- korrupsiyaviy omillarni aniqlash uchun shaxslarning xatti-harakatlari, hodisa va jarayonlarni bevosita yoki bilvosita kuzatish va qayd etish;
- tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov organlari bilan hamkorlik;
- fuqarolar bilan nooshkora hamkorlik oʻrnatish;
- aniqlangan huquqbuzarlik materiallarini tegishli organlarga taqdim etish.
4. Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda eng quyi maishiy korrupsiyadan tortib, yuqori darajadagi mansabdor shaxslar orasidagi jinoyatchilikka qarshi amaliy mexanizmlar belgilandi.
Idoraning birinchi rahbarida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruhga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli asos boʻlganda, komplayens boʻyicha oʻrinbosar yuqori turuvchi komplayens xizmati bilan kelishgan holda: tegishli hujjat va maʼlumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etishi;
rahbarning kadrlar va moliyaviy xarajatlar boʻyicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha toʻxtatish yoki uni vazifadan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritishi mumkin.
5. Komplayens tuzilmalarning mustaqil va taʼsirchan ishlashini taʼminlash uchun ushbu boʻlinmalar xodimlarining xavfsizlik kafolatlari oʻrnatildi.
- Ularga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin;
- Xodimning turar joyi, xizmat xonasi yoki transportiga kirish, koʻzdan kechirish, tintuv, ashyo olish, telefon soʻzlashuvini eshitish, shaxsiy tintuv, xat-xabar va hujjatlarni olish faqat Bosh prokurorning yozma ruxsati bilan amalga oshiriladi;
- komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimini, u xizmatdan boʻshatilganidan keyin ikki yil ichida sobiq xodimini guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida soʻroq qilishga, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashga va ushlab turishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori xabardor etilgan holda, belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi;
- Xodimlar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinadi.
6. Komplayens tuzilmalari barcha davlat organlarida tashkil etilib, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini olib boruvchi tuzilmalarning oʻzida ham komplayens-nazorati tizimi olib boriladi.
7. Komplayens tuzilmalarining butun faoliyati Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati tomonidan muvofiqlashtiriladi. Endilikda korrupsiyaga qarshi tarqoq holda kurashish emas, yagona tizim asosida yaxlit tuzilma sifatida ish olib boriladi.
8. 5 turdagi korrupsion jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish qoidalari qoʻllanilmasligi belgilandi; Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish (1), firibgarlik (2) uchun hukm qilingan va yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplamagan, shuningdek, takroran yoki xavfli retsidivist boʻla turib yoxud juda koʻp miqdorda pora olish (3), pora berish (4), pora olish-berishda vositachilik qilish (5) jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan.
9. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har bir davlat organi va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish vazifasi yuklatildi; Unda har bir yoʻnalish boʻyicha jinoyatchilik statistikasi, amaliyot tahlili, aholining munosabati, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati samaradorligi kabi maʼlumotlar aks ettiriladi.
10. “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash, hududiy kengashlarning maqomi va vazifalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 8 ta yangi vazifalar belgilandi. Mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish boʻyicha ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish va b.
