Sayyor qabul: Navoiyda aholining sanitar xizmatga doir murojaatlari o‘rganildi
2026-06-23 14:30:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan Navbahor tumani “Beshrabot” MFYda navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Unda boshqarma boshlig‘i Shomurod G‘aybulloyev boshchiligidagi soha mas’ullari, hududga xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonasi vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etib, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tinglandi.
Jarayonda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish muddatini tartibga solish, sanitar tozalash xizmati sifatini oshirish, aholi yashash punktlarining sanitar holatini yaxshilash hamda xizmatlar uchun to‘lov intizomini mustahkamlash kabi chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid 20ga yaqin murojaat va takliflar ko‘rib chiqildi.
Fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarning bir qismi joyida hal etilib, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi va ijrosi alohida nazoratga olindi.
Ta’kidlash joizki, bunday sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni joyiga chiqib o‘rganish va ularning yechimini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada, Agentlikning hududiy boshqarmalari hamda tizim tashkilotlari tomonidan fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda sohaga oid muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar doimiy ravishda olib borilmoqda.



