Chiqindilarni boshqarish va ekologik monitoring: UNEP/GRID-Jeneva bilan yangi hamkorlik istiqbollari
2026-06-24 11:20:00 / Yangiliklar
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov xizmat safari doirasida GRID-Jeneva (Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit dasturi – YUNEP) direktori Paskal Peduzzi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish va atrof-muhit monitoringini raqamlashtirish yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, chiqindi poligonlari, qayta ishlash korxonalari hamda ikkilamchi resurslar bo‘yicha milliy raqamli platforma yaratish, ushbu ma’lumotlarni xalqaro ekologik tizimlarga integratsiya qilish imkoniyatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda Bazel konvensiyasining Markaziy Osiyo mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusi ham muhokamalar markazida bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda xavfli chiqindilar va kimyoviy moddalar bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvi tizimlarini yaratish hamda transchegaraviy chiqindilar oqimini monitoring qilishda zamonaviy raqamli vositalardan foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Jumladan, hududlarni sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari, geografik axborot tizimlari (GIS) va masofadan zondlash texnologiyalari yordamida monitoring qilish istiqbollari haqida so‘z borib, mahalliy mutaxassislarni zamonaviy texnologiyalar asosida o‘qitish taklifi ham ilgari surildi. Uchrashuvda ekologik vaziyatlar situatsion markazining ko‘rsatkichlarni real vaqt rejimida kuzatib borishi bilan muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish, ekologik monitoringni kuchaytirish va mintaqaviy ekologik hamkorlikni rivojlantirishda UNEP/GRID-Jenevaning ilg‘or tajribasidan samarali foydalanish muhimligini qayd etishdi.

