Jizzaxda media haftalik ishtirokchilari kasbiy malaka va ekologik mas’uliyat sari birlashdi
2026-06-15 11:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan respublika bo‘yicha o‘tkazilayotgan Media haftalikning navbatdagisi Jizzax viloyatida qizg‘in bordi.
Jarayonlar ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist, blogerlar va matbuot kotiblarida kasbiy bilim va tajriba almashish, balki ekologik madaniyatni targ‘ib qilishga qaratilgan amaliy tashabbuslar bilan yodda qoldi.
Media haftalik doirasida Kontent markazi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan “plogging” eko-aksiyasi tashkil etildi. Ishtirokchilar atrof-muhit obodligiga o‘z hissalarini qo‘shib, hududlarni tozalash ishlarida faol ishtirok etdilar. Bu esa media vakillari jamiyatning buguni va ertasi uchun muhim masalalarga befarq emasligini, ekologik mas’uliyat har birimizning kundalik hayotimizning ajralmas qismi ekanini va borada shaxsiy namuna afzalligini yana bir bor namoyon etdi.
Shuningdek, dastur davomida Agentlik matbuot xizmati rahbari Dilnoza Komilova tomonidan haftalik ishtirokchilariga matbuot xizmatida internet jurnalistika va muammoli vaziyatlarda samarali yechimning ahamiyati mavzusida mashg‘ulot o‘tkazildi. Unda professional yondashuvlarni kuchaytirish, zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish, sun’iy intellekt bilan ishlashning afzalliklari real misollar asosida tushuntirib berildi. Ishtirokchilar dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, kasbiy faoliyatda uchraydigan vaziyatlarning yechimlarini muhokama qilishdi. Jizzaxning betakror tabiati qo‘ynida o‘tgan uchrashuv va muloqotlar soha vakillarining malakasini oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Haftalik media sohasida yangi avlod vakillarini tarbiyalash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash barobarida ekologik mas’uliyat va g‘oyalari uyg‘unligida o‘tdi. Bu esa ishtirokchilarga nafaqat foydali tajriba, balki ezgu tashabbuslarning bir qismi bo‘lish imkoniyatini ham taqdim etdi.






