Yoʻl qurilishida plastik chiqindilardan foydalaniladi
2026-06-09 15:40:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbariga ushbu loyiha taqdim etilgan (https://president.uz/oz/lists/view/9242) bo‘lib, tashabbuslarning amaliy natijasiga alohida eʼtibor qaratish, mualliflar bilan birga ishlab, har bir loyihani hayotiy, iqtisodiy samara beradigan va odamlarga foyda keltiradigan yechimga aylantirish muhimligini taʼkidlangan edi.
Loyiha doirasida hozirgi vaqtda qayta ishlanmayotgan plastikning ayrim turlarini qayta ishlash orqali bitum tarkibiga qo‘shish nazarda tutilgan. Ushbu yondashuv nafaqat ekologik jihatdan samarali, balki atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga xizmat qiladi. Qayta ishlangan materiallar asfalt tarkibida to‘ldiruvchi komponent sifatida qo‘llaniladi. Texnik jihatdan olib qaralganda, “Eko asfalt”ning mustahkamligi an’anaviy asfalt yo‘llarga nisbatan 2-3 barobar yuqori natijalarni ko‘rsatmoqda.
Loyiha doirasida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Agentlik direktori Sharifbek Hasanov “Eco Expo-2026” jarayonlari doirasida ham loyiha tashabbuskori bilan uchrashib, zaruriy amaliy va texnik jarayonlar yuzasidan fikr almashdi. Ayni yo‘nalishda zaruriy tavsiyalarni berib, mahsulotning tayyorlanishida kimyogar olimlar va soha vakillari ishtirokida avvalo plastik chiqindilar morfologiyasini o‘rganishda hamda zamonaviy laboratoriyalarda xalqaro standart va amaldagi talablar asosida sinov ishlari olib borilishida ko‘maklashish haqida aytib o‘tdi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, loyiha 4 ta asosiy parametr bo‘yicha oddiy asfalt yo‘llarga nisbatan yuqori ko‘rsatkichlarni namoyon etmoqda. Xususan, suv shimish darajasi an’anaviy asfaltlarda 1–4 foiz oralig‘ida bo‘lsa, “Eko asfalt”da bu ko‘rsatkich 0,25 foizni tashkil etmoqda. Bu esa belgilangan me’yorlardan ancha yuqori sifat darajasini anglatadi.



