Samarqandda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi boshlandi
2026-06-03 14:10:00 / Yangiliklar
Tadbir dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan vakillar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, investorlar, ekologik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari, ekoinnovatorlar, shuningdek, davlat organlari va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirdi.
Ko‘rgazmaning rasmiy ochilishi lenta qirqish marosimi bilan boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bosh direktori Gretel Agilar ishtirok etdi.
Aziz Abduhakimov o‘z nutqida “Eco Expo Central Asia” amaliy hamkorliklarni shakllantirish, investitsiyaviy jozibador ekologik loyihalarni ishlab chiqish, yangi qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish va uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun samarali platformaga aylanishi lozimligini ta’kidladi.
“Eco Expo Central Asia 2026” doirasida “yashil” energetika, chiqindilarni qayta ishlash, suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan 50 dan ortiq sayd-ivent, forum va taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
2025-yilda Toshkentda o‘tkazilgan “Eco Expo Central Asia 2025” Markaziy Osiyodagi ilk shunday yirik ekologik ko‘rgazma bo‘lib, qariyb 7,5 ming ishtirokchini birlashtirgan hamda xalqaro hamkorlar bilan birgalikda 130 dan ortiq ekologik loyihalarni ishga tushirish maydoniga aylangan edi. 2026-yilda ko‘rgazma yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Unda 10 mingga yaqin mahalliy va xorijiy ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda. Ko‘rgazma doirasida ekologik mahsulot va xizmatlarni namoyish etuvchi 68 dan ortiq pavilyon, shuningdek, Markaziy Osiyo ekoinnovatorlari uchun 20 ta startap maydoni tashkil etilgan.
Xususan, ko‘rgazmada tashkil etilgan Chiqindilarni boshqarish agentligining stendi ilk kundanoq mahalliy va xorijiy ishtirokchilarga gavjum bo‘lib, yig‘ilganlar e’tiborini tortmoqda. Mamlakatimizda chiqindiga resurs sifatida qaralayotgani ko‘rsatib berilgan stend bir qator uchrashuvlar va muhokamalar markaziga aylandi.
