Qurilish chiqindilarini boshqarish tizimi takomillashtiriladi
2026-04-30 17:35:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, yildan-yilga qurilish chiqindilari hajmi ortib bormoqda. Buni qurilish chiqindilari 2017-yilda 1,2 mln tonna, 2025-yilda 1,9 mln tonna hosil boʻlishida koʻrish mumkin. Jumladan, Toshkent shahrida yiliga 900 ming tonna hamda Toshkent viloyatida 230 ming tonna qurilish chiqindisi hosil boʻladi. Poytaxt va unga tutash viloyatga xizmat koʻrsatuvchi 2 ta qurilish chiqindisi poligoni 20,3 mln tonna sigʻimga ega.
Bugungi kunda qurilish chiqindilari tarkibining asosiy qismini 48% loy-boʻyoq, 22% sement, 15% bazalt, 11% sendvich panellari tashkil etadi.
Hozirda qurilish chiqindilari 82,5 gektar yer maydonidagi 9 ta poligonda qabul qilinmoqda. Ularning quvvati 65,1 mln tonnani tashkil etib, 71 foizga toʻlgan. Poligonlar joylashuvida urbanizatsiya darajasi yetarlicha hisobga olinmagani oqibatida noqonuniy chiqindixonalar paydo boʻlmoqda.
Xususan, qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash bilan bogʻliq holatlarni aniqlash maqsadida joriy yilning 11–17-aprel kunlari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida 150 nafar soha xodimi ishtirokida reyd-nazorat tadbirlari oʻtkazilib, jarayonda 238 ta qurilish obyekti oʻrganildi va 96 ta huquqbuzarlik aniqlandi. Nazorat tadbirlarida 161 ta chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash, 27 ta yoqish, 175 ta sanitariya qoidalarini buzish bilan bogʻliq va boshqa holatlar qayd etilib, 410 ta qonuniy choralar koʻrildi. Ushbu holatlarni bartaraf etishda 174 ta texnika jalb qilinib, 1 742 tonna qurilish chiqindilari olib chiqildi.
Shu oʻrinda, 2025-yil misolida 214 105 ta aholi yashash hududlariga, qurilish maydonlari ostiga, suv obyektlari va ochiq karyerlarga noqonuniy tashlash bilan bogʻliq qonunbuzilish holati oqibatida zararli moddalar taʼsirida atrof-muhit, yer va suv resurslarining ifloslanishiga sabab boʻldi.
Mazkur yoʻnalishdagi mavjud muammolarning asosiy sabablari muhokama qilindi. Qolaversa, qurilish chiqindilarini boshqarish tizimini takomillashtirishda zaruriy chora-tadbirlarni olib borish boʻyicha takliflar berildi. Unda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, “Hosil boʻlishdan — utilizatsiyagacha” raqamli platformasini yaratishdan tortib, operatorlar hamda poligonlar bilan majburiy shartnomalar tuzish talabini qonunchilikda belgilashgacha koʻrib chiqildi.
Bu borada poligonlarda auksion asosida saralash va qayta ishlash komplekslarini tashkil etish ilgari surildi. 170 gektar yer maydoni ajratilib, investitsiya mablagʻlari hisobidan Boʻstonliq tumani va boshqa 9 ta hududda DXSH asosida qayta ishlash komplekslarini tashkil etish hamda mavjud poligonlarni zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlash orqali 50 ta poligonda alohida qurilish chiqindilarini qabul qilish uchun joy ajratiladi.
Shu bilan birga, ekopolitsiya tuzilmasiga chiqindilar sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash uchun qoʻshimcha shtat birligini kiritish hamda “Qaynoq nuqtalar”da zamonaviy kuzatuv kameralari oʻrnatish orqali nazorat va huquqni qoʻllash mexanizmlari kuchaytirilishiga erishiladi.

